Fuqarolarimizning huquqlari va qonuniy manfaatlari samarali himoya qilinishini ta’minlashda Sud-huquq tizimini isloh qilish taraqqiyotimizning eng muhim ustuvorliklaridan biri sanaladi.
Shu sababli ham keyingi yillarda O‘zbekistonda sud-huquq sohasida ko‘plab o‘zgarishlar amalga oshirildi. Davlat tomonidan ko‘rilayotgan bunday chora-tadbirlar sudyalar ishining sifati va tezkorligini ta’minlash imkoniyatini bermoqda. Natijada sud xatolarining soni, ishlarni ko‘rish muddatlarini buzish hollari sezilarli darajada qisqarib bormoqda.
Shunday bo‘lsa-da, odil sudlov sohasida ayrim fuqarolarning yillar davomida haqiqat izlab turli sud instansiyalari o‘rtasida sarson bo‘lishi holati va qonuniy kuchga kirgan sud hukmlari va qarorlarining turli sabablar bilan bir necha marta qayta ko‘rib chiqilishi hamda bekor qilinishi holatlari sud prosessi ishtirokchilarida turli shubha-gumonlarni yuzaga keltirmoqda. Shu nuqtai nazardan, ishlarning asosiy qismini yuqori sudlarda cho‘zib yubormasdan joylarning o‘zida hal etishga erishilishi bugun dolzarb masalalardan biriga aylangan.
Davlatimiz rahbari tomonidan yaqinda imzolangan sudlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida sud tizimini takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Eng asosiysi, ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda, yurtimizda samarali ma’muriy odil sudlov tizimini yaratish bosh maqsad qilib qo‘yilmoqda.
Ushbu Farmon sud himoyasini ta’minlashdagi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga, sud qarorlarini qayta ko‘rishning bir-birini takrorlovchi bosqichlarini bekor qilishga, investorlar huquqlarining ishonchli sud himoyasida bo‘lishini ta’minlashga, shuningdek sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda sudlarning ishi jamiyat uchun shaffof va ochiq, shu bilan birga, xolis bo‘lishi kerak. Xolislikni ta’minlash va samarali sud tizimiga ega bo‘lishimiz qonun ustuvorligini ta’minlaydi va adolat o‘rnatishga ko‘maklashadi.
Muzaffar G‘ofurov,
Yangiqo‘rg‘on tuman ma’muriy sudi raisi