Rossiyada Putin oshpazi nomi bilan mashhur oligarx Yevgeniy Prigojinga yaqin maslahatchilar Sudan prezidenti Umar al-Bashirga hokimiyatda qanday qolishni, xalq noroziligini qanday bostirishni o‘rgatib turgan. Dosye markazi bergan shu haqdagi ma’lumotlarni MBX Media va CNN telekanali e’lon qilgan.
Prigojinga qarashli kompaniya tahlilchilari Sudan prezidentiga aholining norozilik kayfiyatini bostirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqqan.
Unda norozilik harakati liderlarini qamoqqa tashlash, media erkini cheklash, sanksiyalanmagan ommaviy harakatlar uchun jazoni kuchaytirish kabi tavsiyalar o‘rin olgan.
Lekin eng qiziq (va dahshatli) tavsiyalar quydagilardir: birinchisi noroziliklarga yetakchi bo‘lganlarni (vatan xoinlarini) namoyishkorona va ochiqchasiga yo‘q qilish . Ikkinchisi esa marodyorlarni norozi kayfiyatdagi ommaning ko‘z o‘ngida qatl etish va ommaning e’tiborini boshqa tomoshabop tadbirlar bilan chalg‘itish dir.
Rus maslahatchilarining Afrikadagi sarguzashtlari nimani anglatadi: avvalroq Bloomberg Yevgeniy Prigojin bilan bog‘liq siyosiy maslahatchilar va yollanma jangchilar Afrikaning o‘nta davlatida faoliyat yuritayotgani haqida ma’lumot bergan.
Evgeniy Prigojin Vladimir Putinga eng yaqin oligarxlardan biri hisoblanadi. U shuningdek Rossiya harbiy rahbariyati bilan yaxshi munosabatda. Vagner xususiy harbiy kompaniyasini va trollar fabrikasi sifatida mashhur Internet tadqiqotlari firmasini Prigojin nomi bilan bog‘laydilar.
Vagner XHK ham, trollar fabrikasi ham Rossiyaning gibrid urushi konsepsiyasida muhim rol o‘ynaydi.
Xususan, Vagner XHK Suriya va boshqa qaynoq nuqtalar da rus harbiylarining nozik topshiriqlarini bajaradi. Trollar fabrikasi ham xuddi shunday nozik topshiriqlarni bajaradi, faqat internetda.
Manba: minbar.uz