Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Nur surasi, 55 oyat tafsiri

Nur surasi, 55 oyat tafsiri

Ushbu oyatda Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlaridan iymon keltirib, solih amallar qilganlariga ko‘p bashoratlar va’da qilmoqda. O‘sha va’dalar quyidagilardir:

«Alloh sizlardan iymon keltirib, solih amallarni qilganlarga ularni yer yuzida xuddi ulardan oldin o‘tganlarni xalifa qilganidek xalifa qilishni...»

Oldingi o‘tgan ummatlardan qaysi biri Alloh taologa iymon keltirgan va bu iymoni haqiqiy bo‘lib, butun vujudini qamrab olgan hamda o‘sha haqiqiy iymonlari taqozosi ila solih amallar qilib hayot kechirgan bo‘lsa, Alloh taolo ularni yer yuziga O‘zining xalifasi etib tayinlab qo‘ygan edi. Yer yuzida hukmi yuritilishi uchun ularni O‘ziga o‘rinbosar qilib qo‘ygan edi. Endi o‘shalar kabi yer yuzida xalifa bo‘lish imkoniyati faqat Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlarida bordir. Ularning mazkur xalifalikka erishishlari uchun asosiy shart iymon keltirib, amali solih qilishdir. Islom ummati ushbu shartni bajargan davrlarda Alloh taolo va’dasining ustidan chiqqan.

Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam hayotlik paytlarida ular Arabiston Yarim oroli, Bahrayn, Yaman va boshqa joylarda xalifa bo‘lib, Allohning amrini yurita boshladilar.

Ul zotdan so‘ng, hazrati Abu Bakr Siddiq xalifa bo‘lgan davrlarda esa Islom davlati chegaralari Fors, Shom va Misrning bir qancha yerlari qadar kengaydi.

Ikkinchi xalifa Umari Odilning vaqtlarida Islom mazkur yurtlarning hamma joylariga tarqaldi. O‘sha paytdagi dunyoning eng katta ikki imperiyasi – Rim va Fors imperiyalari inqirozga uchradilar. Ularning o‘rnini Islom davlati egalladi.

Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning davrlariga kelib esa Islom davlati hududlari yer yuzining mashriqidan mag‘ribigacha kengaydi.

Bu ulkan futuhotlarning asosiy sababi musulmonlarning pok iymoniyu solih amallari bo‘ldi. Musulmonlar o‘sha shartni bajarganlari uchun, Alloh ularga imkon berib, yer yuzida xalifa qilib qo‘ydi. Shu bilan birga, Alloh taolo musulmonlarga iymonlari va amali solihlari uchun boshqa narsalarni ham, jumladan,

«...ular uchun O‘zi rozi bo‘lgan dinni mustahkamlashni...» va’da qildi.

Mazkur davrda, ya’ni Rasuli Akram va xulafoi roshidinlar davrida musulmonlar haqiqiy iymon sohiblari bo‘lib, amali solihda bardavom bo‘lganlar va Alloh taolo ular uchun O‘zi rozi bo‘lgan dinni – Islom dinini yer yuzida mustahkamladi. Hamma Islomga tobe bo‘ldi. Islom hukmi asosida, Islom adolati ostida yashay boshladilar.

Buning ustiga, Alloh taolo iymonlari va solih amallari uchun

«...ularning xavf-xatarlaridan so‘ng omonlikni badal qilib berishni va’da qildi».

Ushbu oyat haqida Robi’ ibn Anas Abul Oliyadan quyidagilarni rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalari Makkada o‘n yildan ko‘proq vaqt Allohning yolg‘iz O‘ziga ibodat qilishga va Unga shirk keltirmaslikka maxfiy ravishda, qo‘rqqan hollarida da’vat etdilar. Ularga urush qilish buyurilmadi. Balki Madinaga hijrat qilishga amr qilindilar. Bas, u yerga keldilar va Alloh taolo ularga urush qilishni amr etdi. O‘shanda ham xavf-xatar ostida edilar. Kechasiyu kunduzi qurol bilan yurar edilar. Bunga ham Alloh xohlaganicha sabr qildilar. Bir kuni sahobalardan biri:

– Ey Allohning Rasuli, biz endi abadiy shunday xavfda o‘tamizmi? Bizga silohimizni qo‘yadigan kun kelmaydimi? – deb so‘radi. Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam:

– Faqat ozgina sabr qilasizlar, xolos. So‘ngra sizlardan har biringiz to‘p-to‘p odamlar ichida o‘tirsa ham, yonida bir parcha temir bo‘lmaydigan kunlar keladi, – dedilar. Alloh taolo ushbu oyatni nozil qildi. Bas, Alloh Payg‘ambarini Arabiston Yarim oroliga zohir qildi. Hammalari omonlikka kirdilar, qurolni qo‘ydilar. So‘ngra Alloh Payg‘ambarini O‘ziga oldi. Undan keyin Abu Bakr, Umar va Usmonlarning davrlarida ham omonlikda bo‘ldilar. Undan keyin bo‘lgan ishlar bo‘ldi. Ularga Alloh yana xavfni qaytardi. Bas, ular shartni yo‘qotib, holni o‘zgartirdilar, o‘zlari ham o‘zgarishga duchor bo‘ldilar».

«Mengagina ibodat qilurlar va Menga hech narsani shirk keltirmaslar».

Ana o‘shanda Men ularni yer yuziga xalifa qilib, dinlarini mustahkam etib, xavflari o‘rniga omonlikni beraman.

«Shundan keyin ham kim kufr keltirsa, bas, ana o‘shalar, o‘zlari fosiqlardir».

Shuncha narsani ko‘rib-bilib turib, kufr keltirgan odam fosiq bo‘lmasa, kim fosiq bo‘lsin?!

Islom tarixiga diqqat bilan nazar tashlar ekanmiz, ushbu oyati karima mo‘’jizasi oldida bosh egamiz. Musulmon ummati iymoniga qanchalik sodiq bo‘lsa, Allohning yolg‘iz O‘ziga qanchalik sidqidildan ibodat etsa, dinga qanchalik ko‘p amal qilsa, yer yuzini obod qilishda shunchalik peshqadam bo‘lgan, Islom dini shunchalik mustahkam turgan, omonliklari shunchalik ishonchli bo‘lgan. Aksincha, musulmonlarning iymoni qanchalik zaif, Allohga ibodatda qanchalik sust va dinga amal qilishlari qanchalik oz bo‘lgan bo‘lsa, yer yuzini obod etish borasida shunchalik ortda qolganlar, dinlari shunchalik g‘arib bo‘lgan va ko‘pdan-ko‘p xavf-xatarlarga yo‘liqqanlar. O‘n to‘rtinchi hijriy asrning oxiri va o‘n beshinchi hijriy asrning boshlarida bu holat misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. Musulmonlar hech qachon bu qadar zaiflashmagan edilar. Ular Alloh taolo bergan va’daga qayta erishishlari uchun, yer yuziga xalifalik qilib, uni obod etish mas’uliyatini qaytadan qo‘llariga olishlari uchun, dinlari mustahkam va o‘zlari omonlikda bo‘lishlari uchun, iymonlari baquvvat, amali solihlari bardavom va Allohning yolg‘iz O‘ziga ibodat qilishlari kutilgandek bo‘lmog‘i lozim.

"Tafsiri Hilol" kitobidan

 

 

Kiritildi: 10:27 24.11.2019. O'qildi: 9518 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!