Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Nizom talablariga nega vaqtida rioya qilinmadi? Yoki o‘z yurtida o‘qish istagida bo‘lgan talaba taqdiriga befarq qaralgani xususida

Nizom talablariga nega vaqtida rioya qilinmadi? Yoki o‘z yurtida o‘qish istagida bo‘lgan talaba taqdiriga befarq qaralgani xususida

Tahririyatga Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi Nazira Rahmonqulova murojaat qildi.

Murojaatda ta’kidlanishicha, N.Rahmonqulova Rossiya xalq­lar do‘stligi universitetining sirtqi bo‘limida tahsil olayotgan nabirasi Fotima Usmonovaning o‘qishini Samar­qand iqtisodiyot va servis institutiga ko‘chirish harakatida bo‘ladi.

Rossiyadagi universitetning birinchi bos­qichini yakunlagan nabiraning hujjatlarini Samarqand iqtisodiyot va servis instituti mutasaddilari (ke­yin aniqlanishicha, Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan ishchi guruh) joriy yilning 5 avgust kuni hech qanday e’tirozsiz qabul qilishadi. 24 avgustda F.Usmonova Samar­qand davlat chet tillar institutida ko‘chirish bo‘yicha o‘tkazilgan maxsus test sinovlarini topshiradi va 86,5 ball to‘playdi. Uning ism-sharifi o‘qishga kirganlar ro‘yxatiga kiritilib, e’lon qilinadi. Bundan xursand bo‘lgan buvi institut rektoratiga uchrashadi. O‘quv bo‘limi boshlig‘i I.Shodmonov to‘lov-kontrakt summasini to‘lashlari uchun ruxsatnoma yozib beradi. Talabaning yaqinlari bankka 5 million 68 ming so‘m (o‘quv yili yarmi uchun)to‘lovni amalga oshirishadi. So‘ngra 2018 yil 12 sentyabr sanasida F.Usmonovaning iqtisodiyot va menejment fakultetining iqtisodiyot yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilingani to‘g‘risida Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti rektoriga rasmiy xat yuboriladi (SamISI rektori imzosi bilan). 17 sentyabrda F.Usmonovaga darslarga qatnashishga ruxsat beriladi. Ammo shu kuni darslarda qatnashgan talabaning buvisiga institut mutasaddilaridan biri telefon qilib, "Nabirangizning o‘qishiga ruxsat etilmadi", deydi…

Shundan keyin N.Rahmonqulova shuncha ovoragarchiliklar uchun SamISI mutasaddilaridan izoh so‘raydi va ularning "Vazirlik ruxsat bermadi. Nizom talablari bo‘yicha nabirangizning o‘qishini ko‘chirish mumkin emas", degan javobidan qoniqmagach,tahririyatimizga murojaat qiladi.

Murojaat yuzasidan Samarqand davlat iqtisodiyot va servis instituti rektoratigauchrashdik.

– Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 21 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan "Oliy ta’lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risida"gi nizomning 12-bandiga muvofiq sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limdan kunduzgi ta’limga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchisiga ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi, – dedi institut o‘quv bo‘limi boshlig‘i I.Shodmonov. –Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan "Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida"gi nizom ham respublika oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud ta’lim shaklidan o‘zga (boshqa) ta’lim shaklida o‘qiganlarga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javob berishga asos bo‘ladi.

– Nizomda belgilangan talablar ushbu xatti-harakatlarimiz befoyda ekanligini ko‘rsatar ekan, nega Samarqand iqtisodiyot servis instituti mutasaddilari o‘sha vaqtdayoq bizga rad javobini berishmadi? – deydi N.Rahmonqulova. – Hujjatlarni qabul qilib, nabiramni testga qatnashtirib, o‘qishga kirganlar ro‘yxatida e’lon qilgan, Rossiya universiteti rektoriga "Biz o‘qishga qabul qildik, hujjatlarini yuboring", deb xat jo‘nattirgan holda keyin "O‘qishga ruxsat etilmadi", deyishning nima hojati bor edi? Ins­titutning faqat birinchi kursida sirtqi bo‘lim mavjudligini bilib, "Birinchi kursga bo‘lsa ham qabul qiling", deya iltimos qildik, ko‘nishmadi. SamISIda o‘qish huquqi bo‘lmagan, Rossiyadagi tahsilidan ham ayrilgan nabiramga nima deb tasalli berishga ham hayronman.

Mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qildik.

– Bu masalada ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha komissiya qoshidagi o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash idoralararo komissiyasiga yoki Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga murojaat qiling, – dedi "ishonch telefoni"dagilar.

Bilishimizcha, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish Davlat komissiyasi qoshidagi Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash idoralararo komissiyasi bir oy faoliyat yuritadi. Har yil avgust oyida ishlaydigan ushbu komissiya vakillarini noyabr oyida izlashning o‘zi mantiqqa zidligini inobatga olib, vazirlikni ortiq bezovta qilmadik.

Nizom talablari bo‘yicha F.Usmonovaning o‘qishini sirtqi bo‘limdan kunduzgiga ko‘chirishning imkoni yo‘q ekan, nega avgust oyidayoq ushbu talab da’vogarning yaqinlariga ochiqlanmagani to‘g‘risidagi savolimizga SamISI mutasaddilaridan quyidagi yozma javobni oldik:

"Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 27 iyundagi "Talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash bo‘yicha hujjatlarni joylarda qabul qilishni tashkil etish to‘g‘risida"gi buyrug‘i bilan Samarqand shahridagi oliy ta’lim muassasalari uchunSamarqand davlat universitetida ishchi guruh tashkil etilgan. Ishchi guruhgainstitutimizga doir masalalar bo‘yicha mas’ul etib o‘quv-uslubiyat bo‘limi dispetcheriR.Norqorayeva biriktirilgan.

F.Usmonova 2018 yil 5 avgustda (ishchi guruhning oxirgi ish kuni) SamDUga borib, hujjatlarini R.Norqorayevaga topshirmasdan universitet ishchi guruhiga topshirgan.Universitet tomonidan tutilgan hujjatlarni topshirganligini qayd qilishjurnaliga ma’lumotlari rasmiylashtirilgan. Talabaning o‘qigan ta’lim shakli e’tibordan chetda qolgan bo‘lishi mumkin. Xodimimiz tomonidan tutilgan jurnalda F.Usmonovaning hujjat topshirganligi qayd etilmagan.

Xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishini ko‘chirayotgan (tiklayotgan) talabalar uchun belgilangan jadvalga muvofiq (jadvalda ta’lim shakli kunduzgi deb qayd qilingan) F.Usmonova 2018 yil 24 avgustda Samarqand davlat chet tillar institutida onlayn test sinovlarini topshirgan. Vazirlikning 2018 yil 29 avgustdagi xati ilovasida keltirilgan xorijiy oliy ta’limmuassasalaridan o‘qishni O‘zbekiston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish bo‘yicha o‘tkazilgan maxsus (onlayn test) sinovlar natijalariga muvofiq F.Usmonova 86,5 ball (ro‘yxatda 4-o‘rinda) to‘plagan.

"Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida"gi nizomning 19-bandiga muvofiq o‘qishi ko‘chirilayotgan talaba darslarga qo‘yilgan hamda talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasiga uning shaxsiy yig‘ma jildini jo‘natish uchun so‘rovnoma yuborilgan.Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti tomonidan F.Usmonovaning o‘qishi to‘g‘risidagi ma’lumotda (2018 yil 13 iyunda 2559/ev raqam bilan qayd qilingan 0002529 sonli ma’lumot) talabaning 2017 yil sirtqi ta’lim shaklida o‘qishga qabul qilingani qayd etilgan".

– Bu yerga o‘qishga kirgani e’lon qilingach, nabiramni Rossiya Xalqlar do‘stligi universitetining sentyabr oyiga mo‘ljallangan ikkinchi bosqich, birinchi semestr mashg‘ulotlariga ham yubormadik, – deydi Nazira aya. – Endi nima qilishga ham hayronmiz. Qolaversa, SamISI mutasaddilarining jadvalga ta’lim shaklini "kunduzgi" deb qayd qilganimiz borasidagi vaji ham asossiz. Axir biz topshirgan o‘qishni ko‘chirish to‘g‘risidagi yig‘ma ma’lumotlarning aksariyatida (ushbu hujjatlar tahririyatga taqdim etilgan) nabiramning sirtqi bo‘limda o‘qiyotgani bayon etilgan edi-ku?!

Ajablanganim, o‘tgan o‘quv yilida nabiramni Rossiyaga o‘qish uchun olib borganimizda yetti yot begona kishilar bizga yordam berishdi. Hujjat topshirishning qonun-qoidalarini izohlab, birma-bir tushuntirishdi. Nega yurtimizda o‘zimizni o‘zimiz aldaymiz, arzimas bahonalar bilan o‘z-o‘zimizni ovora qilamiz?

Murojaat yuzasidan o‘rganishlarimiz jarayonida Rossiya oliy ta’lim muassasalarining birida tahsil olayotgan F.Usmonovaning Samarqand oliy ta’lim muassasasida o‘qishini davom ettirishi nizom talablariga to‘g‘ri kelmaydigan bo‘lsa, nega murojaatchilarga o‘z vaqtida bu haqda tushuncha va rad javobi berilmagani sababi ro‘y-rost ochiqlanmadi. Ammo O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish Davlat komissiyasi qoshidagi Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash idoralararo komissiyasi qarori asosida amalga oshiriladigan maxsus kirish testlari olinishi, Rossiyadagi universitet rektori nomiga rasmiy xat yuborilishi, bankka pul to‘lattirib, bir oilaning oylab sarson-sargardon qilingani yosh yurtdoshimizning taqdiriga befarq qaralganidan dalolat emasmi?

Abdug‘ofur SHERXOLOV,

"Zarafshon" muxbiri.

Manba: zarnews.uz

 

Kiritildi: 16:06 17.11.2018. O'qildi: 1734 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!