Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Nikohi samoda o‘qilgan ayol

Nikohi samoda o‘qilgan ayol

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning zavjalari, mo‘minlarning onalaridan biri Zaynab binti Jahsh roziyallohu anhodirlar. Bu onamiz Rasulullohning ammasi Amiyma xonimning qizi bo‘lib, janobimizga yaqin qarindoshlardan bo‘lgan. Qur’oni karimda Zaynab onamiz haqida quyidagi oyat nozil bo‘lgan:

"Eslang, siz Alloh ne’mat bergan va siz ham ne’mat bergan shaxsga: "Juftingni o‘zing ila tutib tur va Allohga taqvo qil", der edingiz. Va ichingizda Alloh oshkor qilguvchi bo‘lgan narsani maxfiy tutardingiz va odamlardan qo‘rqardingiz, holbuki, Allohdan qo‘rqmog‘ingiz haqliroq edi. Qachonki Zayd undan o‘z hojatini ado etgach, Biz sizni unga uylantirdik” (Ahzob surasi, 37 oyat).

Oyati karimada Rasulullohning ozod qilgan quli Zayd ibn Horisa va uning xotini Zaynab binti Jahsh haqida so‘z borgan. Alloh Zayd ibn Horisani Islom bilan ne’matlantirdi. Payg‘ambarimiz esa unga ozodligini in’om qildi. Aslida Zayd ibn Horisani Zaynab onamizga uylantirib qo‘ygan Rasulullohning o‘zlari edi. Zaynab Rasululohning ammasining qizi, ko‘z oldida katta bo‘lgan qarindoshi edi. Uni Zayd ibn Horisaga nikohlab qo‘ydi. Ammo kelin-kuyov bir-birlari kelishib keta olmadilar. Alloh tez orada Zayd Zaynabni taloq qilishini va taqdirotda Zaynabning hayoti Rasululloh bilan birlashishi yozilganini Payg‘ambarimizga ma’lum qildi. Payg‘ambarimiz angladiki, tez orada o‘z ammasining qizi, hozirda Zaydning nikohida bo‘lgan Zaynab, eridan ajrab Rasulullohga xotin bo‘ladi. Lekin qalbidagi bu sirni odamlarga oshkor etishdan cho‘chirdilar. Bu sirni Zaydga aytsa, boshqalarga bildirsa “birovning xotinini taloq qilishni buyurib o‘zi uylanib oldi”, degan gap so‘zlar tarqashidan hayo qilar edilar.

Ko‘p o‘tmasdan haqiqatan Zayd xotini bilan ajrashish masalasida Rasulullohga murojaat qildi. Shunda unga: "Juftingni o‘zing ila tutib tur va Allohga taqvo qil", dedilar.

Xuddi shunda Alloh taolo Payg‘ambarimizga itob qilib dedi: "Va ichingizda Alloh oshkor qilguvchi bo‘lgan narsani maxfiy tutardingiz va odamlardan qo‘rqardingiz, holbuki, Allohdan qo‘rqmog‘ingiz haqliroq edi. Ya’ni, biz sizga oshkor ma’lum qilib qo‘ygan narsani odamlarga oshkor qilish o‘rniga nega uni maxfiy tutib, Zaydga "Juftingni o‘zing ila tutib tur va Allohga taqvo qil", demoqdasiz?! Axir uni sizga xotin bo‘lishini bildirgan edik-ku?! Odamlardan emas, Allohdan qo‘rqish haqliroq", degan ma’noda.

Hayotda shunday holatlar borki uni odamlarga oshkor qilishga qo‘rqamiz va, holbuki, u narsa aslida shar’an halol va hech qanday aybli bo‘lmaydi. Inson dunyoda insonlar uchun emas, Alloh uchun yashashi kerak ekan…

Xullas taqdiri ilohiy bilan Zayd ibn Horisa Zaynab binti Jahsh roziyallohu anhoni taloq qildi. Shundan keyin Alloh taolo Zaynab xonimni guvohlarsiz Rasulullohga nikohlab qo‘ydilar. Dunyo ahli muslimalaridan jamiki ayollarning nikohi yerda, guvohlar huzurida o‘qilgan bo‘lsa, xossatan Zaynab binti Jahsh roziyallohu anhoning nikohini Yaratgan Egamiz Alloh samoda o‘qidi. Keyin Rasulimiz alayhissalom bir qo‘y so‘yib nikoh to‘yini qildilar.

Zaynab onamiz uchun nikohini Alloh o‘qigani faxr edi. Ul zoti sharifa boshqa onalarimizga: sizlarning nikohingizda otalaringiz bosh bo‘lgan. Mening nikohimga esa Alloh bosh bo‘lgan deb turar edilar. Alloh Zaynab onamizdan rozi bo‘lsin!

 

Furqat Fayzullayev

Kiritildi: 10:25 22.10.2019. O'qildi: 5495 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!