Niderlandiya mudofaa vaziri Ruben Brekelmans agentlikka bergan intervyusida Rossiya tomonidan Ukrainada kimyoviy quroldan keng ko‘lamda foydalanilgani haqida tasdiqlangan dalillar mavjudligini ma’lum qildi.
«Bu jiddiy xavotir uyg‘otadi. Biz kimyoviy quroldan foydalanish Rossiya armiyasi uchun odatiy, standart va keng tarqalgan amaliyotga aylanib borayotganini ko‘ryapmiz», — dedi Brekelmans.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Niderlandiya razvedkasi xlorpikrin va ko‘z yoshi oqizuvchi gaz kabi moddalardan tizimli ravishda foydalanilayotganini tasdiqlaydigan ma’lumotlarni jamlagan. Vazir kamida uch ukrain askarining o‘limi kimyoviy moddalar bilan bog‘liq ekanini, shuningdek, 2500 dan ortiq yaralanganlar bunday ta’sirga xos alomatlardan shikoyat qilganini aytdi. Shuningdek, Ukraina tomonidan 9000 ta shunga o‘xshash hodisa qayd etilgan.
Niderlandiya harbiy razvedkasi rahbari Piter Risink ta’kidlashicha, gap alohida hodisalar haqida emas, balki Rossiyaning markazlashgan dasturi haqida bormoqda.
«Bu frontda tasodifan amalga oshirilayotgan harakatlar emas, balki markazlashtirilgan va rejalashtirilgan dasturning bir qismi», — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, Rossiyada kimyoviy qurol ishlab chiqarish salohiyati oshirilmoqda, hamda olimlar yangi moddalar yaratish uchun jalb qilinmoqda. Masalan, OZXZ (Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti) tomonidan taqiqlangan xlorpikrin moddasi dronlar orqali ampulalar yoki shishalarda samodiy qurol sifatida qo‘llanilmoqda.
«Bu Rossiya armiyasi uchun deyarli standart amaliyotga aylanib bo‘lgan», — dedi Risink.
U shuningdek ogohlantirdi:
«Agar biz buni o‘z nomi bilan aytmasak, bu yangi me’yorga aylanadi.»
Shu munosabat bilan, Niderlandiya mudofaa vaziri xalqaro hamjamiyatni Moskvaga nisbatan bosimni kuchaytirishga va Rossiyani OZXZning Ijroiya kengashidan chiqarishga chaqirdi.
Ma’lumot uchun: Xlorpikrin nafas yo‘llari, ko‘z va terida kuchli ozor keltiradi, yonib ketish va og‘ir zaharlanishga olib kelishi mumkin. AQSh va Buyuk Britaniya bu moddadan foydalanilganini Rossiyaga qarshi sanksiyalarning asoslaridan biri sifatida ko‘rsatgan.