Niderland qirolichasi Maksima mamlakat qurolli kuchlariga rezervist sifatida xizmatga kirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda RTL telekanali xabar berdi.
Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, qirol Villem-Aleksandrning rafiqasi harbiy xizmatni «to‘liq bo‘lmagan formatda» o‘taydi. U avvalo nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan harbiy tayyorgarlik kursini o‘tashni boshlaydi.
Shuningdek, xabar tarqatuvchi rezervistlar professional harbiy xizmatchilar bilan birgalikda turli vazifalarni bajarishga jalb etilishi mumkinligini, jumladan, tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etishini, katta mojaro holatida «professional harbiy xizmatchilarni vaqtincha almashtirishi mumkinligini» eslatadi.
Mudofaa vazirligida qirolichaning bu qarori eng avvalo «ramziy ahamiyatga ega» ekanini ta’kidlab, shu orqali armiya safiga qo‘shilishni istagan fuqarolar soni ortishiga umid bildirishmoqda. Idora vakillari shuningdek taxt vorisi, malika Amaliya harbiy tayyorgarlikdan o‘ta boshlaganidan keyin ham yangi armiyaga chaqiriluvchilar sonining oshganini eslatib o‘tdi.
RTL ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat armiyasiga qo‘shilish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan sal oldin qirolichaning qizi, taxt vorisi malika Amaliyaga kapral harbiy unvoni berilgan tantanali marosimda ishtirok etgan.
2025 yil 30 sentyabrda NOS telekanali Amaliya qirollik qurolli kuchlar safiga xizmatga kirganini xabar qilgan. Uning rezervistlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha o‘qishni boshlagani aytilgan. Shuningdek, taxt vorisining Qirollik floti, Qurolli kuchlar va Havo kuchlariga o‘qishga qabul qilingani, eng past harbiy unvonlarni — mos ravishda uchinchi sinf matros va uchinchi sinf askar unvonlarini olgani ta’kidlangan.