Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi investorlar bilan o‘tkazayotgan muloqotda neft-gaz sohasida geologiya-qidiruv ishlari, konlar samaradorligini oshirish va xomashyoni chuqur qayta ishlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish ko‘zda tutilgani qayd etildi. Hozirda Ozarbayjonning «SOCAR» va Buyuk Britaniyaning «British Petroleum» kompaniyalari bilan Ustyurt mintaqasidagi 6 ta investisiya blokida qidiruv ishlari olib borilmoqda.
Xorijiy hamkorlarga taklif etish uchun boshqa hududlarda yana 128 ta blok tayyorlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu bloklarda 5 trln 800 mlrd kub metr gaz va 560 mln tonna suyuq uglevodorod resurslari mavjud.
Ushbu imkoniyatlarni o‘zlashtirishda raqobat, shaffoflik va iqtisodiy samaradorlik asosiy mezon bo‘lishi ta’kidlangan. Prezident gazdan faqat elektr energiyasi ishlab chiqarish emas, balki uni chuqur qayta ishlab, ko‘proq qo‘shilgan qiymat yaratish muhimligini ta’kidladi.
Qashqadaryodagi sintetik suyuq yoqilg‘i majmuasida yiliga 1,5 mln tonnagacha yoqilg‘i va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Buxoro viloyatida polietilen, polipropilen va PET mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan «MTO» loyihasini amalga oshirish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarini modernizasiya qilish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari yangi texnologiyalarga tayanadigan, ekologik talablarga javob beradigan va iqtisodiy jihatdan asoslangan loyihalar bo‘yicha investorlarning takliflarini kutayotganini bildirdi.