Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Navoiylik erkak naq 7 kishini chuv tushirdi

Navoiylik erkak naq 7 kishini chuv tushirdi

Navoiylik Bekzod Hamroyev (ism-shariflar o‘zgartirildi) oilasi va uch nafar farzandini halol luqma bilan boqish o‘rniga, qing‘ir yo‘lni tanladi.

O‘tgan yilning yanvar oyida firibgarligi uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod shahar sudi tomonidan jazolangan bu kimsa o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. Bu gal Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida ijaraga joy olib, mebel ta’mirlash sexi ochdi.

«O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas», deganlaridek, Bekzod «eski hunari»ni qo‘msab qoldi. Dastlab firib tuzog‘iga Zamira Adashboyeva ilindi. Oshxona mebellarini yasatish umidida uning oldiga kelgan mijozining ra’yini qaytarishni istamagan ustasi farang darrov unikiga borib, yangi mebellar o‘rnatiladigan joyning o‘lchamlarini oldi.

– Agar uch million so‘m bersangiz, siz aytgandek ko‘rinishdagi mebellarni yasab beraman.

– Buncha qimmat? – dedi uning gaplaridan ajablangan xonadon sohibasi. – Hali yangi gaz plitasi ham olishim kerak.

– Xohlasangiz, 200 AQSh dollariga Toshkentdan chet elda ishlab chiqarilgan gaz plitasini olib kelib beraman...

Oxir-oqibat uning yolg‘on va’dalariga ishongan xonadon sohibasi aytilgan pulni qanday berganini o‘zi ham bilmay qoldi. Bu ham kamlik qilgandek, uning yonida firibgarning gaplarini eshitib turgan qo‘shnisi Nargiza ham yangi gaz plitasi uchun 2 million so‘mni qurtdek sanab berdi.

B. Hamroyevning nafsi borgan sari hakalak otdi. Hali mijozlariga bergan va’dasini bajarmay turib, N. Samadovaga mebellarini 180 ming so‘m evaziga ta’mirlab berishini aytib, pul va jihozlarni ustaxonasiga olib ketdi. Bundan tashqari, D. Shoyimovadan divanining ta’miri uchun 800 ming so‘m, B. Odilovadan esa umumiy matras qoplamalarini almashtirib berish uchun 200 ming so‘m xizmat haqini oldindan oldi. Biroq ularga bergan va’dalarini butunlay unutdi...

Mijozlaridan aldov yo‘li bilan o‘zlashtirgan pullarni o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan Bekzod boshqa tekin daromad topa olmagach, oxiri unga choyxonasidan ijaraga joy bergan Olim Hasanovni mo‘ljalga oladi. Dastlab uning 4 million 500 ming so‘mlik divanini sotib berish sharti bilan olib, uni qimmatroqqa pullaydi. Lekin choyxonachiga sariq chaqa ham bermaydi. Mijozlarining tinimsiz qo‘ng‘iroqlari va qistovlari natijasida ulardan olgan mebel va pullarining bir qismini zo‘rg‘a qaytargan «qahramonimiz» bir emas, yetti nafar insonni aldab, bu yerdan juftakni rostlab qoladi.

Jabrdiydalarga katta miqdorda moddiy va ma’naviy zarar yetkazgan B. Hamroyev uzoqqa bora olmadi. Osoyishtalik posbonlarining tezkor sa’y-harakatlari natijasida zudlik bilan qo‘lga olinib, qilmishiga yarasha qonuniy jazo oldi.

Doston SALOMOV,

kapitan.

Mixli SAFAROV.

«Postda.uz».

Kiritildi: 13:57 21.12.2019. O'qildi: 1870 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!