Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Navoiy viloyat hokimi do‘koni buzilayotgan fuqaroga: «Buziladi. 1 mlrd.ga qurilgan to‘yxonalar buzilyapti-ku» (VIDEO)

Navoiy viloyat hokimi do‘koni buzilayotgan fuqaroga: «Buziladi. 1 mlrd.ga qurilgan to‘yxonalar buzilyapti-ku» (VIDEO)

Navoiy viloyati hokimi Tursunov Kobul Beknazarovichning Konimex tumanida fuqarolar bilan suhbati audioyozuvi tarqaldi. Unda hokim tuman ahli bilan “snos” masalasi va ish bilan ta’minlash borasida suhbatlashgan. Bu haqda "everyday.uz" yozmoqda.

Dastlab hokim tumanda yashovchi, do‘koni buzilishga tushgan fuqaro bilan suhbat qurgan. Fuqaro tumanda ishsizlik haqida gapirib, buzish uchun hokimning qarori kerakligini aytgan. Hokim uning gapiga javoban barcha yerda rivojlanish bo‘layotganini, bu yerdagi bozor ayanchli ahvoldaligini aytib, uni ta’mirlash kerakligini bildirgan.

“Sening do‘koning buzildimi? Buzamiz. Senikini ham buzaman men. Hech kimning boshida shoxi yo‘q. Hech kimni biz quvib chiqarayotganimiz yo‘q. Biz olyapmizda, buzishiga yordam beryapmiz. Qonunni bilish kerak”, – dedi hokim.

Shuningdek, Tursunov fuqarodan “Ozodlik”ga murojaat qilishdan nima foyda ekanini so‘ragan. “U senga nima beradi?”, deya murojaat qilgan.

Shundan so‘ng fuqaro yaqinda tuman hokimi obodonlashtirish uchun 7 mln. so‘mdan yig‘ib olganini aytgan. Uch oy o‘tmay esa do‘koni buzilayotganidan taajjublangan.

“Buzadi. 1 mlrd.ga qurilgan to‘yxonalar buzilyapti. O‘tgan yili 252 ta uyni buzib tashladim. Bir og‘iz gapirmadi-ku. U do‘kon emas. Yashaydigan joyi, hech kim gapirmadi-ku”, – dedi hokim.

Fuqaro hokimga do‘konning pulini berib buzish kerakligini aytganda Tursunov hech qanday pul berilmasligini, joyiga joy taklif qilinishini aytgan. Ushbu ishlarni amalga oishirish uchun Vazirlar mahkamasining qarori borligini, e’tirozi bo‘lsa qarorga nisbatan shikoyat bildirish kerakligini maslahat bergan.

Suhbat davomida viloyat hokimi tumandagi boshqa fuqarolar bilan ham suhbatlashgan. Ular “snos” masalasi va ish masalasida murojaat qilgan.

Kiritildi: 11:25 07.01.2020. O'qildi: 4379 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!