Bugun 20 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Namanganda viloyat perinatal markazining 27 nafar mas’ul xodimiga intizomiy chora ko‘rildi

Namanganda viloyat perinatal markazining 27 nafar mas’ul xodimiga intizomiy chora ko‘rildi

Namangan viloyat perinatal markazida yakunlangan tekshiruvda muassasada bir qator o‘zibo‘larchiliklar va yechimini kutayotgan muammolar borligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Boshqarma tibbiy hay’atining navbatdan tashqari yig‘ilishida mazkur monitoring natijalari muhokama qilindi. Yig‘ilishda shahar va tumanlar tug‘ruq komplekslari, viloyatdagi davolash-profilaktika muassasalarining akusher-ginekologlari, perinatal markaz rahbarlari, bo‘lim mudirlari, shifokorlari, katta hamshiralari va doyalari qatnashdi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Botirov monitoring yakunlari xususida ma’ruza qildi. Uning aytishicha, muassasada prezident va hukumatning sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishga qaratilgan farmon va qarorlari, Sog‘liqni saqlash vazirligi buyruqlari ijrosi to‘liq ta’minlanmayapti. Tibbiy-klinik hujjatlarni yuritish talablariga rioya etilmagan. Sanitariya qoida va me’yorlari talablari yetarli darajada bajarilmayapti. Markazda ijro intizomi nihoyatda sust.

Qolaversa, dori-darmon ta’minoti yaxshilanganiga qaramay, asossiz ravishda bemorlarni sarson qilish, ya’ni dorixonalarga yo‘llash kabi holatlar davom etmoqda. Oshxona ta’mirtalab ahvolda, markaziy sterilizasiya punkti ishi o‘ta qoniqarsiz. Klinik-bioximik va bakteriologik laboratoriya ishi talabga javob bermaydi. Markazda narkotik, psixotrop va prekursor dorilardan foydalanishda ham kamchiliklar kam emas.

Muassasa hududiga kirib-chiquvchi avtomobillar nazoratsiz qoldirilgan.

Yig‘ilishda ishni o‘z holiga tashlab qo‘ygan rahbarlar, bo‘lim mudirlari, katta hamshiralar va doyalardan izoh so‘raldi. Hay’at yig‘ilishi qaroriga ko‘ra 27 nafar mas’ul shaxsga nisbatan intizomiy choralar ko‘riladigan bo‘ldi. Jumladan, ikki nafar xodim vazifasidan chetlatildi, to‘rt kishi ogohlantirildi, yana to‘rt kishiga oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima solindi. 17 nafar xodimga hayfsan e’lon qilindi.

Markazda ishni davolash-diagnostika standartlari asosida tashkil etish, muassasa moddiy-texnik bazasini yaxshilash, shifoxonada ichki infeksiya tarqalishiga qarshi kurashish, kadrlar bilim va ko‘nikmalarini oshirish, onalar va bolalar o‘limi va asoratli tug‘ruqlarning oldini olish choralarini ko‘rish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.

Turon24

Kiritildi: 13:54 19.10.2018. O'qildi: 1612 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!