Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Namanganda tuhmatga uchragan taftishchi 20 yil qamoqda o‘tirdi

Namanganda tuhmatga uchragan taftishchi 20 yil qamoqda o‘tirdi

Hayotda inson har qanday qiyinchilik, sinov va mashaqqatlarga chidashi mumkin. Ammo adolatsizlikka aslo toqat qilolmaydi. Shu ma’noda Namangan tumanining O‘lmas mahallasida yashovchi 73 yoshli Sa’dulla Turg‘unov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham so‘nggi 20 yil mobaynida o‘ziga nisbatan qilingan nohaqlikdan aziyat chekib keldi.

Ma’lumki, Namangan shahar sudi boshqa sudlar qatori 2001 yilda jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sud sifatida ixtisoslashgan. Mazkur sudning 2000 yil 6 martdagi hukmida qayd etilishicha, Namangan viloyati moliya boshqarmasida taftishchi-nazoratchi vazifasida faoliyat yuritgan S. Turg‘unov 1999 yil 6 fevral kuni Namangan shahar veterenariya bo‘limida taftish o‘tkazadi.

Qisqasi, taftish jarayonida 2-sonli laboratoriya sanitariya ekspertizasida qassoblardan olingan pullar uchun be­rilgan 4 dona kvitansiya jurnalda qayd etilmaganligi aniqlanadi. Shu bois laboratoriya mudiri A. Saparov 1999 yil 8 fevral kuni veterinariya bo‘limi bosh shifokori SH. Rustamovdan ushbu kamchiliklarni dalolatnomada qayd etmaslik uchun taftishchi S. Tur­g‘unov bilan gaplashib berishni iltimos qiladi.

1999 yil 13 fevral kuni bosh shifokor SH. Rustamov laboratoriya mudiri A. Saparovni o‘z xonasiga chaqirib, taftishchi bilan gaplashganini, 4 dona kirim qilinmagan kvitansiyani dalolatnomada qayd etmaslik evaziga taftishchi S. Turg‘unov 5 ming so‘m pul talab qilganini aytadi.

Shunga binoan 1999 yil 15 fevral kuni SH. Rustamov Namangan shahar veterinariya bo‘limida — xizmat xonasida A. Saparovdan ko‘rsatilgan miqdordagi mablag‘ni S. Turg‘unovga pora tariqasida berish uchun olgan vaqtida ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan ushlangan. Oqibatda birgina SH. Rustamovning ko‘r­satmasi asosida S. Turg‘unovga nisbatan jinoyat ishi qo‘z­g‘atilgan.

Sud hukmiga asosan esa S. Tur­g‘unov Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v»-bandi bilan aybdor deb topilib, mol-mulki musodara qilingan.

Zero, Jinoyat kodeksining o‘sha paytda amalda bo‘l­gan tahririda mol-mulkni musodara qilish ham ko‘zda tutilgandi.

Shu bilan birga, S. Turg‘unov 5 yil muddatga ozodlikdan mah­­rum etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999 yil 30 aprelda qabul qilingan «9 mayni Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilinishini munosabati bilan am­nistiya to‘g‘risida»gi farmoniga asosan, tayinlangan jazo uchdan bir qismiga qisqartirilgan.

Namangan viloyat sudining 2000 yil 11 apreldagi apellyasiya ajrimi bilan sud huk­mi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Ammo bu holat o‘tgan 20 yil mobaynida S. Turg‘unovning ich-etini yemirib keldi, uning yotgan-turganida halovati bo‘l­madi. Negaki, Sa’dulla aka o‘zini aybsiz deb bilardi. Eng asosiysi, bunga yetarli dalillari ham bor edi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirila boshlangan keng ko‘lamli islohotlar S. Turg‘unovga umid bag‘ishladi. Binobarin, u himoya­chisi D. Abdullayev bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga nazorat tartibidagi shikoyat bilan murojaat qildi.

Natijada Oliy sud tomonidan Namangan viloyat sudining 2000 yil 11 apreldagi apellyasiya ajrimi bekor qilindi. Ish yangidan ko‘rish uchun jinoyat­ ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudining kassasiya ins­tansiyasiga yuborildi.

Kassasiya sudi majlisida ayon bo‘ldiki, Namangan shahar veterinariya bo‘limi bosh shifokori vazifasida ishlagan SH. Rustamov tezkor tadbir o‘tkazilgan 1999 yil 15 fevral kuni guvoh tariqasida so‘­roq qilinganda, A. Saparovdan 5 ming so‘mni o‘zi rahbarlik qi­layotgan veterinariya bo‘limi jamoasiga va o‘ziga gap tegmasligi, boshqarma rahbarlari ol­dida har xil gap-so‘zlar ko‘­payishining oldini olish uchun taftishchiga berish uchun ol­gani, agar taftishchi pulni olmasa, unga choy qilib bermoqchi bo‘lgani yoki 2-sonli la­boratoriyada aniqlangan kamomad hisobiga kirim qi­lish uchun to‘lashini A. Saparovga ayt­gani haqida ko‘rsatma bergan.

Biroq SH. Rustamov gumon qilinuvchi tariqasida ushlanib, 1999 yil 16 fevral kuni so‘roq qilinganda, A. Saparovdan 5 ming so‘mni taftishchi S. Turg‘unovga berish uchun olgani, xonaga tezkor xodimlar kirib kelishgani uchun pulni berishga ulgurmagani ha­qida ko‘r­satma bergan.

Bundan tashqari laboratoriya mudiri A. Saparovning ko‘rsatmalarini tekshirib ko‘rish haqidagi bayonnomada A. Saparov tomonidan berilgan pul SH. Rustamovning kostyumi chap ichki cho‘ntagidan olingani ko‘rsatilgan. Tezkor tadbirda esa, SH. Rustamovning kostyumi chap cho‘ntagidan pul emas, qora rangli taroq olingan.

Ya’ni S. Turg‘unovning kirim qilinmagan 4 dona kvitansiyani dalolatnomada ko‘rsatmaslik uchun 5 ming so‘m so‘raganini tasdiqlovchi SH. Rustamovning ko‘rsatmalaridan bosh­qa biror-bir dalil mavjud emas. Sodda qilib aytganda, S. Turg‘unov aynan pora olayotgan vaqt­da qo‘lga olinmagan. Yanada anig‘i shuki, u tuhmatga uchragan.

Aytish kerakki, Jinoyat-prosessual kodeksining 23-moddasi talabiga ko‘ra, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti, ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Mazkur kodeksning 83-moddasida esa, sudlanuvchining sodir etilgan jinoyatga daxli bo‘l­masa, aybsiz deb topilishi va reabilitasiya etilishi belgilangan.

Shu asoslarga tayangan ji­noyat­ ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining 2000 yil 6 martdagi hukmining S. Turg‘unovga oid qismini bekor qilib, uni ayb­siz deb topib, oqladi.

S. Turg‘unovga rebilitasiya qilinishi munosabati bilan o‘ziga yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash hamda ma’naviy va boshqa zararlar oqibatlarini Jinoyat-prosessual kodeksining 304-312-moddalarida nazarda tutilgan tartibda bartaraf qilish huquqiga ega ekanligi tushuntirildi.

Mana shu tariqa sobiq taftishchi nohaq ayblovdan xalos bo‘ldi. Ayni paytda Sa’dulla aka betobligi bois mazkur maqolani tayyorlash jarayonida uning o‘g‘li Rustamjon Turg‘u­nov bilan suhbatlashdik.

R. Turg‘unovning ta’kidlashicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining 2020 yil 6 iyundagi ajrimi bilan S. Turg‘unovga 26 million 146 ming 109 so‘m moddiy zarar, fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining 2020 yil 18 avgustdagi hal qiluv qaroriga asosan esa, 10 million so‘m ma’naviy zarar undirish belgilangan.

Achinarli tomoni shundaki, 2001 yilda — jazo muddatini o‘tayotgan paytda Sa’dulla aka insult kasalligiga chalinib, ikkinchi guruh nogironiga aylangan. 2008 yilda esa, u bu dardni yana bir marta boshidan kechirgan.

Shundan buyon yaqinlarning yordami bilan harakatlanadi.

O‘shanda garchi sud hukmida mol-mulkini musodara qilish belgilangan bo‘lsa-da, S. Turg‘u­novning yashayotgan uyidan boshqa musodara qilinadigan ortiqcha mol-mulki bo‘lmagan. Bu ham uning peshona teri evaziga halollik bilan kun kechirganidan dalolat beradi.

Endi bir mulohaza qilib ko‘raylik. O‘sha paytda S. Turg‘unov 53 yoshda bo‘lgan.

Agar tuhmatga uchrab, nohaq sudlanmaganida, u mehnat faoliyatini davom ettirardi. Natijada barcha tengqurlari qatori 60 yoshida nafaqaga chiqqan va bebaho salomatligini yo‘qotmagan bo‘lardi.

Xalqimizda tuhmatga nisbatan bejizga uchta eng mudhish ba­lolardan biri sifatida qaralmaydi: «…tuhmat balosidan asrasin», — deyilganida nafaqat tuhmatga duchor bo‘­luv­chi, balki tuhmatni uyushtiruvchilar ham nazarda tutiladi. Zero, bundaylar bir begu­nohni eng og‘ir baloga giriftor qilib, o‘zlari kechirilmas eng katta gunoh orttiradilar. Albatta, bundan har kimni Yaratganning O‘zi asrasin.

Kiritildi: 10:50 20.10.2020. O'qildi: 4036 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!