Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi ish yurituvida bo‘lgan ijro hujjati asosida qidiruv e’lon qilingan Malibu rusumli, davlat raqami 50* 020** bo‘lgan avtotransport vositasi haydovchisining qonunni chetlab o‘tishga uringan harakatlari aniqlandi.
Tekshiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, mazkur haydovchi qidiruvdan yashirinish maqsadida o‘zining boshqa Vaz– 21011 rusumli davlat raqami 50* 581** bo‘lgan avtomobilga noqonuniy ravishda davlat raqamini taqib olgan holda harakatlanib yurgan.
O‘tkazilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida bu holat o‘z vaqtida aniqlanib, avtotransport vositasi belgilangan tartibda jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Ta’kidlash joizki, avtotransport vositasining davlat raqamiga o‘zgartirish kiritish, boshqa raqamni taqib olish yoki qonundan chetlanish maqsadida haqiqiy ma’lumotlarni buzib ko‘rsatish amaldagi qonunchilikka ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish, qidiruvdagi transport vositalarini aniqlash va ularni hisobga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar doimiy ravishda olib borilmoqda.