Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Namanganda fojia: kuyov 10 ming so‘m ortidan qaynotasini o‘ldirdi

Namanganda fojia: kuyov 10 ming so‘m ortidan qaynotasini o‘ldirdi

Uyda yotib zerikkan Mansur Ochilov (ism shariflari shartli o‘zgartirilgan) ko‘chaga chiqarkan, mahalladosh og‘aynisini uchratdi. O‘zaro suhbat ichkilikka borib taqaldi.

Shu payt ro‘zg‘or uchun otasidan pul olib bozorga ketgan ayoli qaytib keldi. 

- O‘n ming so‘m orttirib keldingmi? - so‘radi er.

- Yo‘q, orttira olmadim, - javob qildi ayol.

Shu birgina gap inson umriga zomin bo‘ldi. Chunki, “yo‘q”, degan so‘zni eshitgan er janjal ko‘tarib, mahallani boshiga kiydi. Kaltaklangan, xo‘rlangan ayol otasini chaqirtirdi.

“Erkak bo‘lib bir ro‘zg‘orni eplamaydi-yu, xotin urishni kim qo‘yibdi senga?!”

Bu ta’na kuyovga yoqmadi. Boz ustiga u alamzada edi. “So‘z janggi” kaltakbozlikka aylandi.

Keksa otasining boshiga kurakcha bilan tushayotgan zarbalardan yuragi ortiga tortgan ayol erining qo‘liga yopishib, uni tortib oldi. Ammo kuyov oshxonaga yugurib borib bolta bilan qaytib chiqdi. Holi qurigan, qo‘rqib ketgan ota qocha boshladi. Biroq, atirgul tikaniga ilinib qoqildi. Vajohat bilan yetib kelgan kuyov esa, voyaga yetmagan, chirqillab turgan farzandlari ko‘z oldida boltani qaynotaning boshiga soldi...

Ozodlik, hayotning qadri ba’zan temir panjara ortida bilinadi. Buni allaqachon tushungan Mansur suddan yengillik so‘rab zorlandi...

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudi raisi D.Komilov raisligida bo‘lib o‘tgan sudda M.Ochilovga Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra, 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ko‘pincha shunday voqealardan keyin “tuppa-tuzuk oilaning farzandi edi”, degan gaplarni eshitamiz. Aslida esa bu oilalarda nimadir ichdan darz ketgan.

Yana bir mushohada: bizda ko‘plab jamoatchilik tashkilotlari mavjud. Mahalla, nuroniy, oila, xotin-qizlar, yoshlar tashkilotlari bor. Ular shu kabi notinch oilalarning ichiga kirib bora olyaptimi? Qolaversa, mahalla tomonidan odam o‘ldirganlarga ham ijobiy tavsifnoma beriladi.

Nega? Nima uchun?

Javobsiz savollar...

Akramjon ORIPOV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi

sud amaliyotini tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i.

Kiritildi: 11:26 02.07.2019. O'qildi: 2615 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!