Bugun 6 iyul, 2024 yil, shanba

КИР

Muqobil energetikani rivojlantirish masalalari yuzasidan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi

Muqobil energetikani rivojlantirish masalalari yuzasidan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi

Oliy Majlisi Senati “Yuksalish” umummilliy harakati bilan birgalikda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosi yuzasidan “Muqobil energiya resurslarini rivojlantirish, xususan aholi, tadbirkorlik subekti va ijtimoiy obektlarda quyosh stansiyalarini o‘rnatish” mavzusida jamoatchilik eshituvi tashkil etildi. Unda Senat a’zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda “yashil” energetikani rivojlantirish, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilish, shu jumladan, aholi, tadbirkorlar va ijtimoiy soha obektlarida quyosh panellarini o‘rnatish orqali energiya tejamkorligini ta’minlash borasidagi ishlar yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda energiya tejamkorligini oshirish, ekologik toza, noan’anaviy va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini yana-da kengaytirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bois mamlakatimizda aholi va tadbirkorlik subektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishi masalasi dolzarb hisoblanib, bu borada so‘nggi yillarda qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar, jumladan, “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi hamda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlar takomillashtirildi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Hukumatning qarorlari qabul qilindi.

Ushbu hujjatlarga ko‘ra qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanilgan holda aholi va tadbirkorlik subektini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etildi.

Xususan, 2023-yil 1-apreldan respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga ming so‘mdan subsidiya ajratilishi qonunchilikda belgilab qo‘yildi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejamkor texnologiyalar joriy etilishida iste’molchilarga qulayliklar yaratish maqsadida Energetika vazirligi huzuridagi Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasining elektron platformasi (energymarket.uz) ishga tushirildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning iyun oyi holatiga respublika bo‘ylab 10 437 ta ijtimoiy soha obekti va davlat idoralarida umumiy quvvati 209,9 MVt quyosh panellari va 778,0 ming litr geliokollektorlar, 12 967 ta tadbirkorlik subektida 193,2 MVt hamda 667 ta ko‘p qavatli uyda umumiy quvvati 8,84 MVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilishi ta’minlandi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-sonli qaroriga ko‘ra tashkil qilingan “Yashil energiya” kompaniyasi tomonidan har bir hududga 2 ta dan vakil biriktirildi va ular tomonidan manzilli ro‘yxat shakllantirilgan.

Unga ko‘ra “Yashil energiya” kompaniyasi tomonidan respublika bo‘yicha 895 ta ijtimoiy soha obekti va davlat idoralariga jami 40 MVt quvvatda quyosh panellari o‘rnatildi.

Shuningdek, tijorat banklari tomonidan aholiga jami 72,9 mlrd so‘m miqdorida “yashil iste’mol kreditlari ajratilgan.

Shu bilan birga jamoatchilik eshituvida muqobil energiya resurslarini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim muammolar saqlanib qolayotganiga e’tibor qaratildi.

Xususan, senatorlar tomonidan quyosh panellarini o‘rnatish uchun kredit mablag‘ining ajratilishi, o‘rnatilgan quyosh panellari uchun soliq imtiyozlaridan foydalanish tartibi va foydalanishdagi quyosh panellariga o‘z vaqtida servis xizmatlarini ko‘rsatishdagi mavjud muammolar va vazifalar muhokama qilindi.

Eshituv yakuni bo‘yicha muqobil energiya resurslarini rivojlantirish bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga tavsiyalar berildi.

Kiritildi: 15:05 29.06.2024. O'qildi: 377 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!