Yo‘l qurilishi bo‘yicha buyurtma olib berishni va’da qilgan shaxs 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi. Yo‘l qurilishi hamda ta’mirlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari N.SH. o‘zganing ishonchiga kirib, unga Toshkent – Boysun avtoyo‘lini qurish va ta’mirlash loyihasi bo‘yicha tender g‘olibi bo‘lgan xorijiy kompaniyaning qiymati 500 ming AQSh dollarilik qurilish ishlarini bajarish bo‘yicha buyurtmasini olib berishni va’da qiladi. N.SH. «xizmati» evaziga shu summaning 10 foizi, ya’ni 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlangan. Ta’kidlanishicha, u muqaddam bir necha marotaba sudlangan, ammo o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan. Hozirda N.SH.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.