Bugun 1 sentyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Mozori Sharif O‘zbekiston elektr tizimiga vaqtincha ulandi

Mozori Sharif O‘zbekiston elektr tizimiga vaqtincha ulandi

Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida elektr ta’minoti bilan bog‘liq vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida O‘zbekistondan vaqtinchalik elektr energiyasi uzatilmoqda.

«Da Afghanistan Breshna Sherkat» (DABS) ma’lum qilishicha, Turkmanistonda yuzaga kelgan texnik nosozlik tufayli Afg‘onistonga import qilinayotgan elektr energiyasi yetkazib berishda uzilish sodir bo‘lgan. Bu holat mamlakatning yettita viloyatida elektr ta’minotiga ta’sir ko‘rsatgan.

Muammoni qisqa muddatda bartaraf etish uchun Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston bilan muzokaralar o‘tkazgan. Natijada O‘zbekiston zarar ko‘rgan hududlarni muqobil elektr energiyasi bilan ta’minlashga yordam berishga rozilik bildirgan.

Shu asosda Mozori Sharifdagi elektr tarmog‘i O‘zbekiston energetika tizimiga vaqtincha va cheklangan hajmda ulangan. Birinchi navbatda elektr energiyasi aholi uchun muhim bo‘lgan ob’ektlar — Ibn Sino shifoxonasi, davlat muassasalari va boshqa strategik inshootlarga yetkazib berilmoqda.

Afg‘oniston elektr energiyasi ehtiyojining asosiy qismini tashqi manbalar hisobidan qoplaydi. Mamlakat iste’mol qiladigan elektr energiyasining taxminan 75–80 foizi O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Erondan import qilinadi.

O‘zbekiston Afg‘oniston uchun elektr energiyasining muhim yetkazib beruvchilaridan biri hisoblanadi. Ikki davlat 2026 yilda elektr eksportini davom ettirish bo‘yicha alohida shartnoma ham imzolagan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Afg‘oniston energetika infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarida ham ishtirok etmoqda. Jumladan, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalar qurish, mavjud tizimni modernizasiya qilish hamda mamlakat energetika sohasini rivojlantirishga mo‘ljallangan 15 yillik dasturni ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda.

Kiritildi: 19:42 31.08.2026. O'qildi: 754 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!