Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari dunyoda moliyaviy texnologiyalar bozorining holatini tahlil qildi.
Fintex (molyaviy texnologiyalar) — innovasion texnologiyalardan foydalangan holda moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish: Big Data, sun’iy idrok va mashinalarni o‘rganish, robotlashtirish, blokcheyn (umumiy tarmoqqa birlashtirilgan ko‘plab kompyuterlarga taqsimlangan ma’lumotlarni shifrlash va saqlash), bulut texnologiyalari, biometrika va boshqalar.
2013 – 2022 yillarda fintex banklarning aktivlari an’anaviy banklarning aktivlariga qaraganda ko‘proq, aniqrog‘i 105 foizga o‘sgan. An’anaviy banklarda esa bu ko‘rsatkich 75 foizni tashkil etgan.
2023-yilda global moliyaviy texnologiyalar bozori 165,17 milliard dollarga baholanmoqda. Bu 2021-yildagiga nisbatan 57 foiz (105,41 milliard dollar) ko‘p.
Fintex startaplarining eng katta ulushi Amerika (44,1 foiz), Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika (36,7 foiz, 2018-yildagiga nisbatan eng katta o‘sish – 2,7 marta), Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (19,2 foiz) ga ga to‘g‘ri keladi.
2026-yilga borganda fintex sanoati 324 milliard dollargacha o‘sishi prognoz qilinmoqda. Bunga avtomatlashtirish texnologiyalarining rivojlanishi hamda onlayn va ilovalarga asoslangan xizmatlarning tobora kengayib borishi ko‘mak beradi.
Ekspertlar Osiyo-Tinch okeani mintaqasida moliyaviy texnologiyalar bozorining yuqori o‘sish sur’atlarini prognoz qilgan holda, 2021–2030 yillarda o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 22,1 foizni tashkil qilishini kutmoqda. Natijada, Osiyo moliyaviy texnologiyalar bozori eng istiqbolli bozorga aylanib, AQSh bozorini ortda qoldiradi.
Ayni paytda O‘zbekiston faol rivojlanayotgan fintex bozori hisoblanadi.
1. Bu yerda 3 ta bank raqamli asosda faoliyat yuritmoqda (“TBC Bank” AK, “ANOR BANK” AK, “UZUM BANK” AK).
2. Mamlakatimizda 3 ta to‘lov tizimi operatori mavjud (uzcard, humocard, unitedfintech).
3. To‘lov tashkilotlari reestrida 52 ta kompaniya ro‘yxatga olingan
4. 6 ta bank 17 ta elektron pul tizimini ishlab chiqish va ishga tushirishda qatnashdi.
5. Moliyaviy sohada bajarilgan va sotilgan innovasiyalar hajmi 6 yil ichida ikki barobar oshdi.