Bugun 29 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Misr «Rosatom» xodimlarini mastlikda aybladi

Misr «Rosatom» xodimlarini mastlikda aybladi

Maxfiy maktubda Misr hukumati AES qurilishidagi nuqsonlar, xavfsizlik qoidalarining buzilishi va xodimlar bilan bog‘liq muammolar haqida ma’lum qilgan.

Misr Atom elektr stansiyalarini boshqarish boshqarmasi «Rosatom»ni «El-Dabaa» AESi qurilishida jiddiy qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yganlikda aybladi. Bu haqda Politico maxfiy hujjatlarga tayanib xabar berdi.

Rossiya davlat korporasiyasiga yuborilgan maktubda reaktor bloklaridagi nuqsonlar, «yadroviy xavfsizlik madaniyati»ning buzilishi va loyiha xodimlaridan birining «qasddan beparvoligi» haqida so‘z boradi.

Misr hukumati qurilish maydonida ishlarni tashkil etish masalasi bo‘yicha ham jiddiy e’tirozlar bildirgan. Ularning ta’kidlashicha, xodimlardan «taqiqlangan alkogolli ichimliklar» topilgan, ular soxta ruxsatnomalardan foydalangan va ruxsatsiz hududlarga kirish uchun o‘zlarini boshqa shaxslar sifatida tanishtirgan. Qurilish maydonida olingan foto va videolar ham ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketgan, bu esa Misr tomoni fikricha, loyiha obro‘siga zarar yetkazgan.

Maktubda jiddiy baxtsiz hodisa ham tasvirlangan: ishchi «og‘ir ochiq sinish» olganidan so‘ng, uni maxsus jihozlangan tez yordam mashinasi o‘rniga shaxsiy avtomobilda hududdan olib chiqib ketishgan. Misr hukumati buni hodisani yashirishga urinish deb baholagan va bunday xatti-harakatni xavfsizlik talablari hamda hisobot berish qoidalarining qo‘pol buzilishi deb atagan.

Xavfsizlik bilan bog‘liq muammolardan tashqari, Misr idorasi qurilishdagi nuqsonlar haqida ham xabar bergan. Jumladan, dastlabki uchta energoblokning poydevor plitalaridan kamchiliklar aniqlangan va ularni bartaraf etishga bir yil vaqt ketgan. To‘rtinchi blok konstruksiyasida esa bo‘shliqlar topilgan.

Misr tomoni, shuningdek, «Rosatom»ni «soxta ishlar» olib borishda va qurilish yarmidan ko‘prog‘i bajarilgan degan tasavvurni yaratishga urinishda aybladi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, atom orolining asosiy inshootlari hali ham yer osti ishlari bosqichida.

Politico qo‘lga kiritgan «Rosatom»ning ichki hujjatlarida ham loyiha bilan bog‘liq muammolar haqida ogohlantirishlar bor. 2025 yilda tayyorlangan auditorlik hujjatida shartnoma majburiyatlarini bajarmaslikning «sezilarli xavfi» qayd etilgan. Birinchi energoblok bo‘yicha dastlabki grafik esa kechikish taxminan bir yarim yilni tashkil etishini — 2028 yil sentyabridan 2030 yil martigacha surilishini ko‘rsatgan.

Politico savollariga javob berar ekan, «Rosatom» ayblovlar loyihada belgilangan shartnomaviy, texnik va nazorat tartib-taomillari doirasida tasdiqlanmaganini bildirdi.

Kiritildi: 21:25 18.08.2026. O'qildi: 1184 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik