O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston milliy tabiiy meros ob’ektlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qarori qabul qilindi. Ushbu Nizomda milliy tabiiy meros ob’ektlarining maqomi, turlari, ro‘yxatini shakllantirish hamda hududlarida qurilish ishlarini amalga oshirish tartibi belgilandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy tabiiy meros ob’ektlari quyidagi turlarga bo‘linadi:
— biologik — 50 yillik va undan ortiq yoshdagi daraxtlar, relikt daraxtzorlar, qimmatbaho daraxt turlari bo‘lgan o‘rmonlar, tabiiy landshaftlar va ekotizimlar, Butunjahon biosfera qo‘riqxonalari, Ramsar konvensiyasi ob’ektlari, diqqatga sazovor tabiiy joylar, mavsumiy tabiiy hodisalar, qat’iy chegaralangan zonalar (o‘simlik va hayvonlarning muhim o‘sish hamda yashash areallari, muhim ornitologik hududlar, muhim biologik xilma-xil hududlar);
— geologik — geologik kesimlar, geomorfologik ob’ektlar, tabiiy geologik tuzilma, global geoparklar, fiziografik tuzilmalar, shifobaxsh konlar yoki yotqiziqli joylar, tabiiy yodgorliklar;
— gidrologik — tabiiy suv havzasi, sharshara, buloq, ko‘l va daryolar;
— paleontologik — qadimgi hayot shakllari qoldiqlari.
Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston milliy tabiiy meros ob’ektlariga muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomi beriladi. Bu ob’ektlar Umumjahon madaniy va tabiiy merosi hamda Ramsar konvensiyasi ob’ektlari ro‘yxatiga, shuningdek, Butunjahon biosfera qo‘riqxonalari va Global geoparklar tarmog‘iga kiritilishi mumkin.
Qolaversa, davlat qo‘riqxonalari, majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalari, tabiat bog‘lari, davlat buyurtma qo‘riqxonalari, davlat tabiat yodgorliklari, shuningdek, davlat biosfera rezervatlari milliy tabiat bog‘lari ro‘yxatiga kiritiladi.
Tabiiy ob’ekt O‘zbekiston milliy tabiiy meros ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilishi uchun quyidagi talablarga javob berishi lozim:
— biofizik jarayonlar va relyef shaklining o‘ziga xosligi hamda buzilmagan bo‘lishi;
— tabiiy holatda bo‘lgan asosiy o‘zaro aloqa va bog‘liqlik elementlarining barchasini yoki ko‘p qismini o‘z ichiga olishi;
— ekotizim va bioxilma-xillikni uzoq muddatli saqlashda ahamiyatli bo‘lgan tabiiy jarayonlarning zarur bo‘lgan barcha elementlarini qamrab olishi;
— bioxilma-xillikni saqlash nuqtayi nazaridan muhim ob’ekt bo‘lishi, tegishli biogeografik mintaqa va ekotizimlarga xos fauna va flora yashash hududlarini hamda ularning areallarini qamrab olishi;
— ko‘chib yuruvchi turlarning yashash hududlari, ko‘payish va uyalash joylari hamda ko‘chish yo‘llari mavjud bo‘lishi;
— bioxilma-xillik yoki insoniyat hayoti uchun ahamiyatli hisoblangan gidrologik ob’ektlar mavjud bo‘lishi;
— yer rivojlanishi tarixini o‘zida aks ettirgan geologik kesim va tuzilmani, geomorfologik ob’ekt, paleontologik yotqiziqlar, hosilalar yoki ob’ektlar hamda shifobaxsh kon yoki yotqiziqli hududlarni qamrab olishi.
Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston milliy tabiiy meros ob’ektlarida tabiiy resurslarni qazib olish, o‘simlik va hayvonot dunyosiga zarar yetkazish, noqonuniy qurilishlarni amalga oshirish, daraxt va butalarni kesish, gidrologik va gidrogeologik rejimni o‘zgartiruvchi harakatlar, tuproq eroziyasiga olib keluvchi ishlar, o‘simlik va hayvonot dunyosiga zarar berish, yo‘l va muhandislik-kommunikasiya ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi.
Shuningdek, chiqindilarni saqlash va ko‘mish, oqova suvlarni oqizish, zaharli kimyoviy moddalarni qo‘llash, harom o‘lgan chorva mollar ko‘miladigan joylarni tashkil etish, zaharli kimyoviy moddalar va mineral o‘g‘itlar omborlarini qurish, kimyo, sellyuloza-qog‘oz va metallurgiya sanoati korxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, chorvachilik va parrandachilik majmualarini joylashtirish, shuningdek, sug‘orish uchun "sharbat" (suyuq go‘ng) ishlatish, transport vositalarini qo‘yib turish, ularga yonilg‘i quyish, yuvish va ta’mirlash joylarini tashkil etish, neft mahsulotlari omborlarini tashkil qilish, zig‘ir, kanop va teri yuvish hamda tirik organizmlarning yangi va kenja turlarini iqlimlashtirish maqsadida joylashtirish mumkin emas.
O‘zbekiston milliy tabiiy meros ob’ekti hududida qurilish ishlarini amalga oshirishda ma’lum talablar belgilanadi. Jumladan, inshoot balandligi, tashqi ko‘rinishi va ishlatiladigan materiallar mahalliy landshaftga to‘liq uyg‘un bo‘lishi, qurilishda faqat tabiiy va ekologik toza materiallardan foydalanilishi lozim. Qurilishda relyefni o‘zgartirish, daraxtlarni kesish, o‘simliklarga zarar yetkazish va suv ob’ektlarining tabiiy o‘zanlarini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Talablar buzilgan taqdirda qurilish ishlari zudlik bilan to‘xtatiladi va aybdor shaxslarga hududni rekultivasiya qilish (avvalgi holatiga qaytarish) majburiyati yuklanadi hamda yetkazilgan zarar belgilangan tartibda undiriladi.
Bundan tashqari, sanoat va ishlab chiqarish korxonalari, ko‘p kvartirali uylar va baland inshootlar, chiqindi poligonlari va kimyoviy moddalar omborlarini qurishga ruxsat berilmaydi.