Majburiy ijro byurosidan qarzi borlarning mobil telefon qurilmalari bloklanishi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqaldi.
MIB bu xabarlar asossiz ekanini ma’lum qildi.
“Ijtimoiy tarmoqlar orqali ijro hujjatlariga asosan qarzdorligi mavjud bo‘lgan shaxslarga tegishli bo‘lgan mobil telefon qurilmalarining bloklanishi haqidagi xabarlar feyk hisoblanadi”, deyiladi xabarda.
MIB fuqarolar ijro hujjatlari bo‘yicha yuzaga kelgan qarzdorliklar va xorijga chiqish uchun bo‘lgan taqiq bor yoki yo‘qligi haqidagi ma’lumotlarni rasmiy sayt sahifalari yoki mobil telefon orqali ham bilishlari mumkinligini eslatdi.
Buning uchun Majburiy ijro byurosining rasmiy www.mib.uz sayti yoki uning Android yoki IOS mobil ilovalaridan foydalanish tavsiya qilindi.
“Asosiysi, yuzaga kelgan qarzdorlik hamda uni undirish bilan bog‘liq ijro harakatlari mobil yoki boshqa qurilmalarning ishlash jarayoniga ta’sir qilmaydi”, deyiladi MIB xabarida.
2025 yilning oktyabrida MIB ularning nomidan foydalanib amalga oshirilayotgan jinoyatlardan ogohlantirish bergandi. Telefonga MIB nomidan shubhali xabar kelsa, hech qanday ilovalarni yuklab olmaslikni, aks holda firibgarlar bank kartasi ma’lumotlarini qo‘lga kiritishi mumkinligi bildirilgandi.