Bugun 6 oktyabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

Metroning sovitish va isitish tizimlari qancha vaqtda nazorat qilinadi?

Metroning sovitish va isitish tizimlari qancha vaqtda nazorat qilinadi?

Toshkent metropoliteni jamoat transportining eng qulay va samarali turlaridan biri. Shahar yo‘lovchi transporti korxonalari o‘rtasida yo‘lovchilarni tashishda uning ulushi katta. Yilning har qanday fasli bo‘lmasin, metro foydalanuvchilari ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Xo‘sh, bugungi kunda metroda harakatlanayotgan yo‘lovchilar soni qancha? Mazkur transport vositasidan foydalanish me’yori ortib borganida qanday chora-tadbirlar qo‘llaniladi? Metroda ob-havo mavsumiga qarab sovitish va isitish tizimlari qancha vaqtda nazorat qilinadi?

Mazkur savollar yuzasidan “Toshkent metropoliteni” DUK matbuot xizmati rahbari To‘ychi Mirzayev quyidagi ma’lumotlarni taqdim qildi.

Toshkent metropolitenining yo‘nalishlari, bekatlari soni ortishi va poyezdlar oralig‘idagi vaqt intervallari qisqartirilishi natijasida metrodan foydalanayotgan yo‘lovchilarning soni tobora ortib bormoqda. Jumladan, kunlik yo‘lovchilar soni 2021 yilda 280-300 ming nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda 850-900 ming nafardan ziyod yo‘lovchi metrodan foydalanmoqda.

Metrodan foydalanuvchi yo‘lovchilar oqimi hisobga olingan holda, ularga barcha qulayliklar taqdim etiladi. Xususan, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida metroning sovutish va isitish tizimlari doimiy nazorat qilinadi. Bunga sabab ob-havoning o‘zgarishi, aniqroq qilib aytganda, mamlakatimizda bahor-yoz oylarida havo haroratining keskin ko‘tarilishi hamda kuz-qish mavsumida kunlarning sovishidir. Bu o‘z navbatida yaxshilangan havo almashinuvi va mo‘’tadil haroratni talab etadi. Ayni shu sababdan ham Toshkent metropoliteni tomonidan doimiy ravishda sovitish va isitish tizimlari nazorati hamda profilaktikasi olib boriladi.

Qayd etilishicha, joriy yilda havo haroratining keskin ko‘tarilishi sabab metro poyezdlarining sovitish tizimida muammolar yuzaga kelgan. “Er usti halqa yo‘li” yo‘nalishida harakatlanayotgan harakat tarkiblarining sovitish tizimi bilan bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida maxsus ishchi guruh tuzilgan. Ishchi guruh tarkibiga Rossiya Federasiyasidan ham 15 dan ziyod soha mutaxassisi jalb etilgan. Ushbu mutaxassislar tomonidan doimiy ravishda tizimli ta’mirlash va tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Hozirgi vaqtda “Er usti halqa yo‘li” yo‘nalishida 10 ta harakat tarkibi harakatlanmoqda va shundan 8 tasi joriy yilda xarid qilingan poyezdlar bo‘lib, ularning sovitish tizimi havo harorati +50 daraja issiqqacha belgilangan norma bo‘yicha ishlash imkoniyatiga ega.

Temir yo‘llardan foydalanish qoidalariga asosan, relslarning harorati +55 darajadan oshganda poyezdlar harakati tezligi pasaytirilishi, ya’ni relslarning harorati +60 daraja bo‘lganda poyezdlar harakati tezligi 40 km/soatdan, +65 darajada 25 km/soatdan oshmasligi, +70 darajada esa poyezdlar harakati taqiqlanishi belgilangan.

Metrodan ertalabki 7:30 dan 09:00 gacha hamda kechki 16:30 dan 19:00 gacha bo‘lgan vaqt oraliqlarida yo‘lovchilar eng ko‘p foydalanadi. Shu vaqtlarda yo‘lovchilar oqimini nazorat qilish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tirbandliklarning oldini olish maqsadida yo‘nalishlarda poyezdlar vaqt intervali qisqartiriladi. Jumladan, Chilonzor yo‘nalishida 1,5-2 daqiqa, O‘zbekiston yo‘nalishi 3-4 daqiqa, Yunusobod yo‘nalishida 4-5 daqiqani tashkil etadi.

Hozirda “Er usti halqa yo‘li” yo‘nalishida esa 7-8 daqiqali vaqt intervalida poyezdlar harakati tashkil etilmoqda. Shuningdek, vaqt intervallarini qisqartirish va bu orqali yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida joriy yilda 14 ta to‘rt vagonli harakat tarkibi harid qilinganini alohida ta’kidlash lozim. Bundan tashqari ertalabki tig‘iz vaqtlarda yo‘lovchilar oqimini nazorat qilish maqsadida barcha metro bekatlarda Toshkent metropolitenining mas’ul rahbarlari tomonidan navbatchiliklar tashkil etilgan.

Belgilangan rejaga asosan, “Er usti halqa yo‘li”ning rejadagi qurilish ishlari to‘liq yakunlandi. Kelgusida poytaxtning aholi gavjum va metroga ehtiyoj bor bo‘lgan nuqtalarida ham bekatlar, yangi yo‘nalishlar qurilishi maqsad qilingan.

Shuningdek, hozirgi kunda Toshkent metropoliteni tasarrufida 3 ta depo mavjud. Ushbu depolarda mingdan ziyod ishchi-xodimlar yo‘lovchilarga xavfsiz va sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlab kelmoqda. Bundan tashqari, poyezdlar hamda yo‘nalishlar soni ortayotgani sababli O‘zbekiston elektrodeposi hududida poyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan qo‘shimcha kanava yo‘llari barpo etilmoqda.

Kiritildi: 10:03 05.07.2024. O'qildi: 489 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!