MLSning 26-turida "Inter Mayami" o‘z maydonida "San Diyego"ni qabul qilib, 2:2 hisobida durang qayd etdi.
Uchrashuvda mayami klubining dastlabki golini Lionel Messi jarima zarbasidan urdi. Bu gol argentinalik yulduz uchun faoliyatidagi jarima zarbasidan kiritilgan 75-gol bo‘ldi.
Shu tariqa, Messi mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha 74 ta golga ega braziliyalik Jair da Roza Pintoni ortda qoldirdi.
The Touchline ma’lumotiga ko‘ra, Messi endi Marselinyo Kariokaning natijasiga yetib olishi uchun jarima zarbasidan yana uchta gol urishi kerak. Karioka 78 ta gol bilan bu borada yetakchilik qilmoqda.
Ayni paytda "Inter Mayami" 44 ochko bilan umumiy turnir jadvalida 4-o‘rinda bormoqda. Peshqadam "Neshvill" bilan farq 11 ochkoni tashkil etadi.
"San Diyego" esa 31 ochko jamg‘argan holda 20-pog‘onada joylashgan.