Internetda AQSh prezidenti Donald Trampning rafiqasi Melaniya tanqid qilindi, deb xabar bermoqda “Daily Mail”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, foydalanuvchilar birinchi xonimning jamoat joyida himoya niqobisiz paydo bo‘lishiga e’tibor qaratishgan.
Ma’lumki, Melaniya Tramp har yili Rojdestvo bayramlari arafasida bolalarga ertak o‘qish uchun Bolalar milliy kasalxonasiga tashrif buyuradi. Pandemiyaga qaramay, AQShning birinchi xonimi ushbu an’anani buzmagan.
Qayd etilishicha, u kasalxonaga niqob taqib kelgan, ammo sahnadagi o‘rnini egallaganidan so‘ng yechib tashlagan. Ijtimoiy masofani saqlashga harakat qilgan bo‘lsa-da, kasalxona qoidalariga ko‘ra, barcha tashrif buyuruvchilar niqobda bo‘lishlari kerak bo‘lgan.
"COVID-19 tarqalishining oldini olish uchun har qanday bolalar muassasasida bo‘lgan har bir kishi hamisha niqob taqishi kerak", deyiladi kasalxona qoidalarida.
Internetda darhol ushbu holatga nisbatan munosabat paydo bo‘lgan. "Ko‘pgina bemorlarning immuniteti pasaygan, u bo‘lsa niqobni yechib qo‘ygan!..", "Bu qanday hurmatsizlik…", "Melaniya hech bo‘lmaganda bolalar shifoxonasi qoidalariga rioya eta olmaydimi?", deb yozgan foydalanuvchilar.