AQSh Davlat kotibi Marko Rubio AQSH–O‘zbekiston biznes va investisiya kengashi faoliyatiga yuqori baho berib, uning hamraislari — AQSh Prezidentining maxsus vakili Serdjio Gor va O‘zbekiston Prezidenti Administrasiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga alohida minnatdorlik bildirdi.
«Biz uni shunchaki Saida deb chaqiramiz. Chunki uni turli joylarda, ko‘plab tadbirlarda uchratamiz. U nihoyatda iste’dodli, aqlli va mehnatkash inson», — dedi Marko Rubio.
Davlat kotibi ikki hamraisning hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etib, «Bugungi oqshom sizlarsiz amalga oshmas edi», deya ta’kidladi.
Rubioning qayd etishicha, kengash va B5+1 guruhi faoliyati davlatlar hamda xususiy sektor imkoniyatlarini birlashtirish, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi biznes aloqalarini kengaytirishda muhim o‘rin tutmoqda.
«Bunday samarali hamkorlikning asosi — umumiy qadriyatlarimiz va maqsadlarimizdir. Biz mustaqil va suveren davlatlarmiz. Har birimiz o‘z mamlakatimiz va xalqimiz uchun eng yaxshisini istaymiz», — dedi AQSh Davlat kotibi.