"Manchester Siti" "Lans" klubi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovni sotib olishga qaror qilinsa, "Lans"ning moliyaviy talablarini qondirishga tayyor. Bu haqda Mirror nashri xabar bermoqda.
Manbaning xabariga ko‘ra, "Lans" hamyurtimiz uchun 20 million yevro so‘ragan. "Shaharliklar", agar klub nihoyat Husanov nomzodi bo‘yicha qaror qabul qilsa, kelishuv osonlikcha amalga oshishiga ishonishadi, chunki "Lans" bu qishda transferlardan pul olishga qiziqmoqda.
Abduqodir 2023 yildan buyon "Lans" jamoasida o‘ynab kelmoqda. Futbolchining klub bilan shartnomasi 2027 yilgacha mo‘ljallangan.
Joriy mavsumda Husanov "Lans" safida barcha turnirlarda 16 ta o‘yin o‘tkazib, bitta golli uzatmani amalga oshirdi.