Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Maktab o‘qituvchilari yuritishi lozim bo‘lgan hujjatlar soni qisqaradi

Maktab o‘qituvchilari yuritishi lozim bo‘lgan hujjatlar soni qisqaradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “2017 - 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”ga muvofiq o‘qituvchilarning hisobotlarini qisqartirish, ularning asosiy e’tiborini dars mashg‘ulotlarini yanada qiziqarli qilib o‘tishlariga uchun kerakli shart-sharoitlar yaratish vazifasi belgilangan. 

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash, xalqaro tajribalarni ta’lim tizimiga keng joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2018 yil 27 iyuldagi 9-mh va 19-qq qarori (ro‘yxat raqami 3058, 2018 yil 20 avgust) bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ga o‘zgartirish kiritilmoqda.

Bunda umumta’lim maktablarining o‘qituvchilari tomonidan yuritiladigan hujjatlar sonini 3 tadan (sinf jurnali, yillik taqvim-mavzuiy reja, kundalik dars ishlanmalari (konspekt) daftari) – 1 tagacha (sinf jurnali (bosma yoki elektron) qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.  

Ushbu o‘zgartirishlar o‘qituvchilarning pedagogik yuklamasini optimallashtirish, ularni asosiy yuklamadan tashqari boshqa hisobot va ortiqcha qog‘ozbozlikdan ozod qilish hamda dars o‘tish sifati va mazmuniga ko‘proq vaqt ajratishi uchun sharoit yaratadi.

“Online maktab” loyihasini muvaffaqiyatli davom ettirish, bundan barcha maktablarda fanlar bo‘yicha taqvim mavzuiy rejalarni bir xillikka keltirish maqsadida, endilikda taqvim mavzuiy rejalar Respublika ta’lim markazi tomonidan ishlab chiqilib, tasdiqlanadi va o‘quv yili oldidan vazirlikning rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi.

Yuqorida ta’kidlangan Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilayotgan umumiy o‘rta ta’limning “Milliy o‘quv dasturi” doirasida barcha fanlardan “O‘qituvchi kitobi”ni yaratish va joriy etilishi orqali maktab o‘qituvchilari tomonidan kunlik dars ishlanmasi (konspekt) yozish talabi bosqichma-bosqich bekor qilinishi rejalashtirilgan.

Endilikda yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda o‘qituvchilardan o‘z ustida ko‘proq ishlash, mavjud ta’lim resurslarini, jumladan elektron resurslarni to‘liq o‘zlashtirish va dars jarayonida keng qo‘llash talab etiladi.

“Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qaror loyihasi regulation.gov.uz saytiga muhokamaga qo‘yildi.

Kiritildi: 17:34 22.05.2020. O'qildi: 10617 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!