Bugun 16 may, 2025 yil, juma

КИР

Lo‘lilar tomonidan o‘g‘irlangan bolakayning 20 yillik iztiroblari

A A A
Lo‘lilar tomonidan o‘g‘irlangan bolakayning 20 yillik iztiroblari

Uyda bola to‘polon qilsa, «Hozir lo‘liga berib yuboraman, xaltasiga solib olib ketadi seni!» deb dag‘dag‘a qilmagan odam topilmasa kerak. Buni shunchaki bir qo‘rqitish deb hisoblaydiganlar qattiq yanglishishadi. Chunki xuddi shunday hodisa hayotda ham sodir bo‘lgan ekan.

Kichkina, sariq sochli bolakay do‘kon yonida ichkariga, sutga kirib ketgan buvisining qaytib chiqishini kutib turgandi. To‘satdan orqa tomondan bir ayolning jarangdor ovozi eshitildi:

— Bolakay, shokolad yeysanmi?

Uch yoshli Dima ortiga o‘girilib qaradi. Guldor yubka kiyib olgan bir ayol unga plitkali shokolad tutib turgandi. Bechora go‘dak xursand bo‘lib, shirinlikka intildi. Shu payt lo‘li ayol uni qo‘lidan qattiq ushlab, yon tarafdagi ko‘chaga olib kirib ketdi.

Lo‘li ayolning kirdikorlari

Notanish ayollar Dimani shovqin-suronli, isqirt bir uyga olib kelishdi. Atrofda konfet qog‘ozlari sochilib yotar, ayollar unga begona tilda urishishar, bolalar chinqirardi. Dima labidagi shokolad yuqini artib tashlab, to‘q qornini silagancha uyiga qaytib ketmoqchi bo‘ldi. Biroq bu fikri xomxayol ekanligini u hali bilmasdi.

— Qayerga otlanding? — lo‘li ayol yarim yo‘lda bolani tutib oldi. — Hozircha biz bilan yashab turasan. Kel, seni kiyintirib qo‘yamiz. Chiroyli shubangni yechgin-chi.

Bolaning uyida bu vaqtda haqiqiy taloto‘p boshlangandi. Dimaning buvisi magazindan chiqib, nevarasini topa olmagach, darhol uyga yetib keldi. Balki, bola onasini sog‘inib, uning yoniga qaytib ketgisi kelgandir. Biroq bola u yerda ham emasdi. Qo‘rqib ketgan ona va buvi darhol polisiyaga murojaat qilishdi. Bir necha soatdan so‘ng butun shaharda Dimaning suratlari paydo bo‘ldi. Polisiya butun uy va chordoqlarni sinchiklab tekshirib chiqdi. Biroq bolakay izsiz g‘oyib bo‘lgandi.

Meni polisiya izlayotganini yaxshi bilardim, — eslaydi hozirda 30 yoshli bo‘lgan Dmitriy Krilov. — Ular hatto meni ushlab turishgan uyga ham kelishgan. Hovlida shovqin-suron ovozlari eshitilgach, lo‘li ayol og‘zimga latta tiqib, jim o‘tirishimni tayinladi. Shunchalik qo‘rqib ketgan edimki, ovozimni chiqarmadim. Polisiya lo‘lilarning itini otib tashlab, butun uyni qidirib chiqdi, biroq meni topa olmadi.

“Lo‘lilar meni qo‘rqitib, urishardi...”

Qidiruvdan so‘ng lo‘li ayollar o‘ta ehtiyotkor bo‘lib qolishdi. Bolani hovlidan tashqariga chiqarmay qo‘yishdi — bayram kunlari uni qo‘shni hovliga televizor ko‘rgani chiqarishardi, xolos. Biroq u bilan ko‘chaga tilanchilik qilishga qo‘rqishdi, chunki har bir shahar aholisi qidirilayotgan bolani tanib olgandi.

— Tilanchilikka faqat o‘zlari borishardi, — gapirib beradi Dmitriy. — meni esa turmushidan qaytib kelgan bir lo‘li ayol bilan qoldirishgan — u bolasini ko‘krak suti bilan emizib, uyda o‘tirar, meni o‘lgudek yomon ko‘rardi. Goh boshimga musht tushirib qolsa, goh botinkamni yoqib yuborib, kulda yurishga majbur qilgan. Bir kuni chiday olmay, qochishga harakat qilganman. Biroq bitta oyoq kiyimda uzoqqa keta olmasdim, shu bois darhol ortimga qaytdim.

Oradan uch yil o‘tdi. Kechqurunlari Dima doim yig‘lab chiqardi. Onasi, buvisi, aka va opasini qattiq sog‘ingan. Kunduzlari uy ishlariga yordam berib, katta «opa»sining turtkilashlariga chidadi. Navbatdagi kaltaklashdan keyin u chiday olmadi va payt poylab, ko‘chaga otildi.

Men ko‘chaga chiqqan zahoti birinchi uchragan olomonga qo‘shilib ketdim, — deb eslaydi Dima. — Birozdan so‘ng ular har tomonga tarqalib ketgach, bir o‘zim qayerga borishni bilmay qoldim. Shu payt meni bir rus ayoli ko‘rib qoldi. O‘sha paytda men yaxshilab o‘rganib olganim lo‘lilar tilida unga boshqa joyda yashashimni chug‘urlayotgan edim. U darhol hammasiga tushunib yetdi. Sariq sochli, g‘irt rus bolakay rus va lo‘lilar tilida: «Uyga ketaman! Qochib ketdim deb tursa... U darhol meni uyiga kiritib, turmush o‘rtog‘i — polisiya ofiserini chaqirdi. Men hammasi tugadi, deb o‘ylagandim, biroq, aslida, boshlangan ekan.

Nabirasi yo‘qolishida o‘zini aybdor sanagan buvi

Dimaning onasiga u topilganini xabar qilishganida ishonmadi. Ikki tomonlama zarba — o‘g‘lining yo‘qolishi va onasining o‘limi (buvisi nabirasining yo‘qolishida o‘zini aybdor sanayverganidan yuragi to‘xtab qolgan)dan qattiq qayg‘uga tushgan ayol ichadigan bo‘lib qoldi. Uni onalik huquqidan mahrum qilib, to‘rtta bolasini mehribonlik uyiga berib yuborishdi.

Qutulganidan xursand bo‘lib ketgan Dimani dastlab sinov sifatida onasiga qaytarib berishdi. Biroq sinov muvaffaqiyatli kechmadi. Dimani bolalar uyiga topshirishga majbur bo‘lishdi. O‘g‘lini ona tez unutib yubordi, faqat bir marta ko‘rdi, xolos. O‘shanda Dima bolalar uyidan qochib kelgandi. Tez orada onasi vafot etdi va sobiq asir bu dunyoda yakka-yolg‘iz qolib ketdi.

Men opam, akalarim borligini yaxshi eslayman, biroq meni ularning yoniga emas, boshqa bolalar uyiga jo‘natishdi, — xo‘rsinadi Dmitriy. — Lo‘lilar tilini ona tilimdan yaxshi bilardim, biroq hech kim meni masxara qilmagan. Bolalar uyida ham do‘stlar orttirdim. Hayotim izga tushdi, ammo qarindoshlarim yo‘qligi meni doim qiynab kelgan. 18 yoshligimda bolalar uyidan chiqib, uylandim, o‘g‘lim tug‘ildi. Shundan so‘ng aka, opalarimni topishga jiddiy qaror qildim.

Oila a’zolari uchrashuvi

Dima birinchi galda pul yig‘ib, kompyuter sotib oldi. Dasturlar bilan ishlashni o‘rganib, ijtimoiy tarmoqlar orqali opa-akalarini qidirishni boshladi. Biroq qidiruv saytlari hech qanday natija bermadi, bunday nomdagi odamlar ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishmagandi. Yigit butun internetga qarindoshlarini qidirayotgani xususida e’lon tarqatdi va har oy muntazam ravishda yangilik kelgan-kelmaganini tekshirib turdi. Bir kuni to‘satdan katta akasi 38-yoshli Jenyaning ismi-sharifiga ko‘zi tushib qoldi. U Quyi Tagilada xayriya ishlari bilan shug‘ullanar ekan. U qiyin o‘tgan bolaligi xotirasi haqi bolalar uyidan chiqqan yigitlarga muntazam yordam berib turgan.

Men o‘ylab ham o‘tirmasdan unga xat jo‘natdim: «Men sening ukangman, meni taniyapsanmi?»deya eslaydi Dima. — Jenya darhol kimligimni esladi: qattiq quvonib ketganidan o‘ziga kelolmasdi. Keyin oilamiz haqida gapirib berdi. Bizning yana bir akamiz bo‘lardi — Vitya, biroq u qazo qilibdi. Men bundan qattiq qayg‘uga tushdim. Axir biz juda qadrdon edik: akalarim menga bolalar uyidan ovqatlar olib kelishar, velosipedda uchishni o‘rgatishgandi. Ertasi kuniyoq biz Jenya bilan uchrashdik. Quoqlashib, rosa quvonishdik, biroq yig‘lamadik. Axir biz erkaklarmiz-ku!

Shundan so‘ng aka-ukalar egizak uka-singillarini izlashga qattiq kirishishdi. Mehribonlik uyiga murojaat qilishgandi, ularni asrab olishganini aytishdi. Qolgan ma’lumotlarni oshkor etishni istashmadi.

Alabama shtatidan topilgan egizaklar

Aka-ukalar shundan so‘ng internetga boshlari bilan sho‘ng‘ib ketishdi. Arzimagan halqani ham erinmay tekshirishdi. Biroq egizaklar yer yutgandek yo‘qolgandi.

— Kunlarning birida menga bir notanish ayol yozib qoldi, — kuladi Dima. — Mendan uka-singlimni izlayotganim haqida surishtirdi. Aytishicha, ular ham Jenya ikkalamizni hamma yerdan qidirishayotgan ekan. Ularning hozirgi ismi — Brena hamda Shon bo‘lib, ularni asrab olgach, Amerikaga olib ketishgan ekan! Hozirda ular Alabama shtatida turisharkan. Shu paytgacha ularni topa olmaganimiz sababi endi tushunarli, axir biz rus ismlari bilan qidirayotgandik-da.

Dima Jenya bilan birgalashib qarindoshlari bilan aloqaga chiqishdi. Dastlabki daqiqalardayoq ularning bir oila ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ukalari ham ularni Rossiyadan ko‘p qidirgan, biroq izlarini topa olishmagandi. Egizaklar hatto vatanlariga qaytib ketishni ham o‘ylab qolishgan: amerikalik ota-onalari ularni qattiqqo‘llik bilan tarbiyalashgan, vaqti-vaqti bilan urib turishgan ekan. Biroq ularning yoshi o‘shanda 16 da bo‘lgani uchun hech kim ularni qo‘yib yubormagan. Shon va Brena, aniqrog‘i, Nadya va Vovaning yoshi hozir 25da. Biroq ular Quyi Tagilga qaytib kelish umididalar.

— Muloqot qilishga qiynaldik, chunki biz ingliz tilini bilmasdik, ular esa rus tilini, — kuladi Dmitriy. — Biroq biz bir oila farzandi ekanligimizni his qilamiz va, albatta, uchrashamiz. Yaqin kunlar ichida ular vataniga qaytib ketmoqchi. Biz uchrashuvni intiqlik bilan kutmoqdamiz!

 

Kiritildi: 01:59 26.05.2018. O'qildi: 4482 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!