Los-Anjeles okrugi rasmiylari mintaqa bo‘ylab 14 ming gektardan ortiq maydonni yoqib yuborgan o‘rmon yong‘inlari sababli komendantlik soati joriy etish ustida ishlamoqda.
Bu haqda okrug sherifi Robert Luna ma’lum qildi.
"Yong‘in sodir bo‘lgan joylar atrofidagi ma’lum hududlarda soat 18:00 dan 6:00 gacha komendantlik soati e’lon qilinadi", dedi u. Chora juma kuni kechqurungacha tasdiqlanadi.
Lunaning qo‘shimcha qilishicha, okrug xavfsizlik choralarini kuchaytirish uchun Milliy gvardiyadan yordam so‘ragan. "Ular bizga yo‘l harakati nazorati va muhim infratuzilmani himoya qilishda yordam beradi", dedi u.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Kaliforniyadagi yong‘inlar vaqtida talon-taroj qilganlik uchun kamida 20 kishi hibsga olingan. Los-Anjeles okrugi Kuzatuvchilar kengashi a’zosi Ketrin Barger matbuot anjumanida “qo‘lga olinganlar javobgarlikka tortiladi”, deb va’da berdi.
Eslatib o‘tamiz, ayni damda 10 nafar o‘lim holati ma’lum.