Livan bosh vaziri 250 dan ortiq odam halok bo‘lgan Isroil zarbalaridan so‘ng pokistonlik hamkasbiga murojaat qildi.
Navaf Salam Shahboz Sharifga murojaat qilib, Livanni AQSh va Eron o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qo‘shishga yordam berishni so‘radi. Telefon suhbati davomida u Islomoboddan «o‘t ochishni to‘xtatish rejimi Livanga ham tatbiq etilishini tasdiqlashni, kecha kuzatilgan Isroil zarbalarining takrorlanishini oldini olish uchun» iltimos qildi. Bunga 8 aprel kuni Isroil tomonidan Livan hududiga berilgan aviazarbalar sabab bo‘ldi — ular natijasida 254 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.
Isroil va AQSh esa sulh Livanga taalluqli emasligini ta’kidlamoqda. Tel-Aviv «Hizbulloh»ga qarshi operasiyalarni davom ettirishini bildirdi — ular o‘rtasidagi qarshi turish 2 mart kuni yana boshlangan. Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof esa o‘z navbatida, Tehron Livanni «sulhning ajralmas qismi» deb hisoblashini va «qattiq javob choralari» ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qolishini aytdi.
8 aprel kuni, Ormuz bo‘g‘ozi ochilishi bilan birga ikki haftalik sulh e’lon qilingan kuni, Isroilning Livanga zarbalari Eronni yana bo‘g‘oz orqali kemalar harakatini to‘xtatishga majbur qildi. Livanga ham sulhni tatbiq etish bo‘yicha xalqaro bosim ortib bormoqda.