Isroil armiyasi janubiy Livanda yuz bergan portlash oqibatida ikki nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Harbiylar ma’lumotiga ko‘ra, hodisa Majdal-Zun shahridagi binoga kirish vaqtida sodir bo‘lgan.
Halok bo‘lganlar — 34 yoshli mayor Xarel Birenstok va 33 yoshli shtab-serjant Tamir Vaknin. Ikkalasi ham 55-parashyut brigadasida zaxira ofiserlari sifatida xizmat qilgan. Yana to‘rt nafar harbiy og‘ir jarohat olib, shifoxonaga yetkazilgan.
Portlashdan so‘ng Isroil armiyasi mazkur hududga havo zarbasini berdi. Harbiylar bayonotiga ko‘ra, ushbu hudud «Hizbulloh» nazorati ostida bo‘lgan.
Hodisa Livan va Isroil o‘rtasida AQSh vositachiligida Rim shahrida o‘tayotgan bilvosita muzokaralarning ikkinchi kunida sodir bo‘ldi. Muzokaralar payshanba kuniga qadar davom etishi kutilmoqda.
Muloqotlar 26 iyun kuni Bayrut va Tel-Aviv o‘rtasida imzolangan «ramkaviy kelishuv» doirasida olib borilmoqda. Hujjatga ko‘ra, Isroil qo‘shinlari bosib olingan Livan hududlaridan bosqichma-bosqich chiqariladi, evaziga Livan armiyasi ushbu hududlarga joylashtiriladi va qurolli guruhlar qurolsizlantiriladi.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2 martdan buyon Isroilning harbiy amaliyotlari oqibatida mamlakatda 4 333 kishi halok bo‘lgan, yana 12 250 kishi jarohat olgan.