Habertürk xabar berishicha, Turkiya Markaziy banki Istanbul meri Ekrem Imamog‘lining hibsga olingani haqidagi xabarlardan so‘ng beqarorlashgan lira kursini ushlab turish uchun uch kun ichida 26 milliard dollarlik intervensiya o‘tkazdi.
"Bu voqealarga boy hafta davomida dollar turk valyutasi - liraga nisbatan 3,2 foizga qimmatlashdi. Turkiya Markaziy banki tomonidan ko‘rilgan choralar kursning yanada ko‘tarilishini chekladi," - deyiladi xabarda.
Ta’kidlash joizki, 19 mart chorshanba kuni bir necha o‘nlab odamlar, jumladan, Istanbul meri hibsga olinganidan so‘ng, AQSh dollari turk lirasiga nisbatan 11 foizga oshib, 41 liradan yuqori ko‘tarildi. Markaziy bank aralashuvidan so‘ng, 19 mart kuni kunning ikkinchi yarmida turk valyutasi kursi barqarorlashib, 1 dollar 39 liradan pastga tushdi.