KXDR bitkoinlarga egalik qilish bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda The Times xabar berdi.
Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya eng ko‘p bitkoinga egalik qiluvchilar orasida AQSh va Buyuk Britaniya hukumatlaridan so‘ng uchinchi o‘rinni egalladi. Bunga shimoliy koreyalik xakerlarning kriptovalyutalarni o‘g‘irlashi sabab bo‘lgan.
KXDRning eng yirik kiberxakerlik guruhi Lazarus umumiy hisobda 13 580 bitkoinga ega bo‘lib, uning qiymati 886 million funt sterlingga teng. Fevral oyida ushbu xakerlik guruhi Bybit kriptovalyuta birjasiga hujum qilib, 1,2 milliard funt sterling qiymatdagi Ethereum kriptovalyutasini o‘g‘irlagandi. Bu tarixdagi eng yirik o‘g‘irliklardan biri hisoblanadi.
Lazarus guruhining mablag‘lari Kim Chen In uchun "qutqaruv halqasi" bo‘lib, uning ommaviy qirg‘in qurollarini moliyalashtirish manbasi hisoblanadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya o‘zining yadroviy va ballistik raketa dasturining 40 foizgacha qismini "noqonuniy kiber usullar" orqali moliyalashtiradi.