Kubadagi eng yirik Antonio Giteras elektr stansiyasining faoliyati to‘xtab qolgani sababli 10 million kishi elektrsiz qoldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Hodisa oqibatida barcha maktablar va universitetlar yakshanba kuniga qadar yopildi. Faqat oziq-ovqat va sog‘liqni saqlash sohalaridagi davlat korxonalari xodimlari ishlarini davom ettirishadi. Kuba bir necha yillardan beri energetika inqirozini boshdan kechirmoqda. Bunga energetika tizimidagi uskunalarning eskirishi va import qilinuvchi yoqilg‘i taqchilligi sabab bo‘lmoqda.