Amerikaning Moody's reyting agentligiga ko‘ra, so‘nggi oylarda RFdan xom neft importi qisqargan bo‘lsa-da, Hindistonning Rossiya neftini to‘liq va zudlik bilan to‘xtatishi ehtimoli past. Reuters keltirgan hisobotda bu qadam “Hindiston iqtisodiy o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”ligi qayd etilgan.
Reuters ikki manbaga tayanib yozishicha, hind neftni qayta ishlash zavodlari (NQZ)ga RFdan importni to‘xtatish uchun ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich qisqartirishga ma’lum vaqt kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, Nyu-Dehli hukumati hali bunday ko‘rsatma bermagan.
Avvalroq Donald Tramp Hindiston bosh vaziri Narendra Modi u bilan suhbatda Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini aytgan. Tramp versiyasiga ko‘ra, Hindiston AQShdan va ehtimol Venesueladan neft xaridini oshirishga tayyor.
“Bu hozir davom etayotgan va har hafta minglab odamlar hayotiga zomin bo‘layotgan Ukrainadagi urushni to‘xtatishga yordam beradi!” — deb yozdi Tramp Truth Social platformasida. Shuningdek, u Vashington Hindiston uchun boj stavkasini 25 foizdan 18 foizga tushirishga rozi bo‘lganini ta’kidladi.
Modi esa X ijtimoiy tarmog‘ida AQSh yetakchisi bilan “ajoyib” suhbat bo‘lganini yozdi. “Ikki yirik iqtisodiyot va dunyoning eng yirik demokratiyalari birgalikda ishlasa, bu xalqlarimiz uchun foyda keltiradi va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun ulkan imkoniyatlar ochadi”, — dedi u.