Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

KORONAVIRUS vs VAKSINA: ijobiy natijalar boshlanish ostonasida

KORONAVIRUS vs VAKSINA: ijobiy natijalar boshlanish ostonasida

Butun dunyo aholisini tashvishga solib turgan koronavirus pandemiyasiga chalinayotgan insoniyat soni soat sayin emas daqiqa, soniyalar ichida ko‘payib bormoqda. Shu o‘rinda juda ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan savol, nahotki bu virusga qarshi vaksina topilmasa. Yoki topilgan taqdirda ularning ta’sir darajasi qanday bo‘ladi? Bir biridan kasallikni yuqtirayotganlarga bu vaksina yuborilib “zanjirning” davomiyligi qachon to‘xtatiladi(?)

Rossiyada bu borada katta ishlar boshlangan, xususan rossiyalik olimlar sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda klinikada tajribadan o‘tkazilgan koronavirusga qarshi kurashishda samaraliroq bo‘lgan 10 dan ortiq dorilar topildi deya xabar bermoqda RIA Novosti.

Topilgan dorilardan 6 tasi bir qator mamlakatlarda ishlatish uchun tasdiqlangan 9 tasi klinikada tajribadan o‘tkazilmoqda. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, tajriba qilinayotgan dorilarning ayrimlari koronavirus infeksiyasining laboratoriya modellarida ijobiy natija ko‘rsatgan.

Ushbu dori vositalaridan ikkitasi, niklozamid va nitazoksanid Fransiyada va yana bittasi Singapurda yangi koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarda sinab ko‘rish uchun tavsiya qilindi.

SOVID-19 ga qarshi topilgan natijali dorilar senolitiklarni ham o‘z ichiga olgan. Ya’ni bu dori vositalari senessent-shikastlangan hujayralarni yo‘q qilishga yordam beradi. Ixtirochilar fikricha, yoshi kattalarda uchraydigan kasalliklar uchun qo‘llaniladigan ushbu dori vositalari epidemiya davrida eng himoyasiz guruh bo‘lmish – yoshi kattalar va surunkali kasalliklar bilan og‘riydigan bemorlarni himoya qilishga yordam beradi. Biroq bu dorilar mutaxassis shifokorlarning tavsiyasi berilgan taqdirda ishlatishga ruxsat berilishi mumkin.

“Koronavirusga qarshi tayyor vaksinalar ehtimol 1 yildan so‘nggina yaratilishi mumkin. Ularning ustida bir qancha mamlakatlarda ish olib borilmoqda. Jarayon juda ko‘p bosqichli bo‘lib o‘zida nafaqat dori vositasi sintezi, balki har tomonlama chuqur klinik tajribalarni ham talab qiladi”, – deydi Butun jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Rossiyadagi vakili Melita Vuynovich.

Xitoyda ham koronavirusning yangi turiga qarshi vaksinalarning klinik tajribasi boshlandi. Tajribada 108 ta ko‘ngillilar ishtirok etmoqda. Ularni 36 nafardan 3 ta guruhga ajratishgan. Har bir guruhga har xil dozalarda vaksinalar yuborilib tajribalar o‘tkazilmoqda. Tajribalar shu yilning oxiriga qadar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Tajribalar vrachlarning qattiq nazorati ostida o‘tkazilib unda 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan ko‘ngillilar ishtirok etishmoqda. Tajribaning birinchi bosqichida Uxanning Uchan, Xunshan, Daunxu shaharlari aholisi ishtirok etmoqda. Ammo bu tajribalarning boshlanganligi to‘g‘risida joriy yilning 16 martiga qadar rasmiy xabar o‘z tasdig‘ini topmagan edi. Tajribalar Ebola vaksinasini yaratishda ijobiy tajribaga ega mahalliy korxonalar bilan birgalikda amalga oshirildi. Natija esa ijobiy. Mutaxassislar GMP standartlariga to‘g‘ri keladigan namunalar yaratishga erishdi.

Hozirgi kungacha Xitoyda koronavirusning yangi turiga qarshi 8 ta vaksina ishlab chiqildi. Ulardan ayrimlar hayvonlarda ijobiy natijalarni ko‘rsatmoqda.

Joriy yilning mart oyi o‘rtalarida Butun jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti “nomzod-vaksina”larning 41 ta variantini taqdim etdi.

Ushbu “nomzod-vaksina”larni ishlab chiqaruvchilari ichida jahonning yirik farmasevtika xoldinglari va mashhur Angliyadagi Oksford universiteti, Fransiyadagi Pastera institutlari borligi diqqatga sazovordir.

AQShning bir qancha shaharlarida oxirgi so‘nggi kunlar davomida ko‘ngillilarga SOVID-19ga qarshi klinikaviy tajribalar o‘tkazish boshlashganligi to‘g‘risida xabar berildi. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, SanDiyegodagi Inovio kompaniyasining tadqiqotlar markazida tajribalar bir necha oy davom etishi va mukammal vaksina keyingi yilning o‘rtalarida tayyor bo‘lishini aytmoqda.

Inson salomatligi yo‘lida har bir ma’lumot oltinga teng bo‘lib turgan bir davrda mamlakatlarda koronavirusni yuqtirganlik alomatlarini ko‘rsatib beruvchi testlar yetishmovchiligi sezilmoqda. Xususan, rivojlangan mamlakatlardan AQSH, Angliya, Italiya va boshqa mamlakatlar shular jumlasidandir. Ayni vaqtda Isroilning olimlar jamoasi virusning aniqlashning muvaffaqiyatli yangi uslubi topilganligi to‘g‘risida xabar berishdi. Bu molekulyar test uslubi bir yo‘la bir nechta namunalarni qayta ishlash imkoniga ega.

Kasallikni aniqlashda bu kabi test o‘tkazish uslublari o‘ta muhim. Chunki inson hech qanday simptomsiz virus tashuvchisi ham bo‘lishi mumkin. Ayniqsa oxirgi vaqtlarda bu kasallik bilan og‘rib tuzalgan bemorlarning yana qaytib kasallanayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalmoqda. Bu bemorlarda kasallik qaytalangani bilan virusga immunitet hosil qilishlari va o‘zlariga zarar yetkazmagan holda boshqalar hayotini xavf ostiga qo‘yishlari mumkin.

Oxirgi paytda koronavirus pandemiyasi Avstraliya ichki ishlar vaziri Piter Daton, Ispaniyaning tenglik masalalari bo‘yicha vaziri Iren Montero, Polsha qurolli kuchlar qo‘mondoni Yaroslav Mika, Eron sanoat vaziri Reza Raxmani, Fransiya madaniyat vaziri Frank Rister, Buyuk Britaniya premyer-ministri Boris Jonson va boshqa siyosatchi hamda mashhurlarni ham chetlab o‘tmadi.

Insoniyat ayni vaqtda nafaqat o‘zining balki boshqalarning hayotiga ne chog‘lik mas’ul ekanini his qiladigan davr keldi.
 

Gulruxsor RAVSHANOVA,

Xalqaro sharhlovchi

Manba: uza.uz

Kiritildi: 05:45 30.03.2020. O'qildi: 7319 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!