Joriy yilda Misrning turizmdan keladigan daromadi oldin reja qilingan 16 milliard dollar emas, balki 11 milliard dollarga yetishi kutilmoqda, dedi Rejalashtirish vaziri Xala Al-Said.
«Koronavirusning global miqyosda tarqalishi Misrda turizm va aviasiya sohalarining to‘xtab qolishiga olib keldi», dedi Al-Said.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, yilning ikkinchi yarmida o‘sish sur’atlari tiklanishi taxmin qilinmoqda.
Misrning sayyohlik sektori mamlakatning asosiy valyuta manbalaridan biri bo‘lib, 2019 yilda bu sohadan 13 milliard dollarga yaqin daromad olingan.
Ayni vaqtda Misrda COVID-19 tarqalishining oldini olish uchun tungi komendantlik soati joriy etilgan, odamlarning ommaviy yig‘ilishlari taqiqlangan, maktab va universitetlar yopilgan hamda barcha xalqaro reyslar to‘xtatilgan. Mamlakatda 2,190 kishi koronavirus bilan kasallangan bo‘lib, ularning 164 nafari vafot etgan va 589 nafari kasallikdan forig‘ bo‘lgan.