Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Koronavirus – insoniyatga o‘zligini anglatgan sinov

Koronavirus – insoniyatga o‘zligini anglatgan sinov

Islom ta’limotida sihat-salomatlik ulug‘ ne’matligi, uni asrab-avaylash, qadriga yetish lozimligi alohida ta’kidlangan. Yer yuzidagi jamiki mavjudot uchun sihat-salomatlikning o‘rni g‘oyat muhim. Jumladan, insonlar baxtli-saodatli hayot kechirishi va ko‘zlagan maqsadlarini amalga oshirishi uchun bu ne’matning ahamiyatini o‘z vaqtida anglashi kerak. Aks holda, hayot mazmuni yo‘qoladi va dunyoning hech qanday lazzati va jozibasi tatimaydi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlar g‘animat bilishlari lozim bo‘lgan ne’matlar sirasida sihat-salomatlikni zikr qilganlar.

Imom Bayhaqiy va Imom Hokim rivoyatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qildilar:

“Besh narsani besh narsadan avval g‘animat bil: keksaligingdan avval yoshligingni, betobligingdan avval salomatligingni, faqirligingdan avval boyligingni, bir ishga mashg‘ul bo‘lib qolishingdan avval bo‘sh vaqtingni va o‘liming kelmasidan avval hayotlik vaqtingni”.

Ma’lumki, Islom dini insoniyatni faqat yaxshilikka yetaklaydi. Bizni yo‘qdan bor qilgan Zot, insonga nima foydayu nima zarar ekani haqida bizlarni ogoh etgan. Shuning uchun ham Islom dini barcha zamon va makonlarga salohiyatli bo‘lgan ilohiy ta’limotdir. Alloh taolo bunday deydi:

(Axir) yaratgan Zot (O‘zi yaratgan narsalarini) bilmaydimi?! U Latif (lutfli) va Xabir (xabardor Zot)dir” (Mulk surasi, 14-oyat).

Alloh taolo insonga imtihon maydoni qilgan bu dunyoda boshqa sinovlar qatori turli xastaliklarni ham yaratgan. Bandalariga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib, ularni rizqlantirgan Zot ular kasal bo‘lganlarida shifo berguvchi ham Uning O‘zidir. Bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:

“U meni yaratgan, meni hidoyat qiladigan ham O‘zidir. Meni edirib-ichiradigan ham O‘zidir. Bemorligimda shifo beradigan ham O‘zidir” (Shuaro surasi, 78-80-oyatlar).

Oyati karimada yaratish sifati Alloh taologa nisbat berilmoqda. Darhaqiqat, koinotdagi barcha maxluqotlarni Alloh taolo yaratgan. Kecha va kunduz, yil fasllarining almashib turishi, a’zolarimizning bir-biriga mutanosibligi, bularning barcha-barchasi, ular yolg‘iz Yaratuvchi tomonidan ekaniga dalolat qiladi.

Keyingi oyatda esa rizq Alloh taologa nisbat berilmoqda. Ma’lumki, osmon bilan yer orasida, dengiz bilan yer ostida qancha-qancha jonzotlar bor. Kech tushganda mana shu jonzotlarning barchasi: “Ertaga nima yeymiz?” demasdan xotirjam uyquga ketganlar. Mana, bugun yangi tong otdi! Ular xuddi kechagidek o‘z kunlarini davom ettirishmoqda. Ularning insonlarga o‘xshab yegulik mahsulotlarni g‘amlab qo‘yadigan muzlatkichlari ham, sandiqda pullari ham yoki ovqat sotib oladigan do‘konlari ham yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, ular xotirjam uyquga ketishmoqda. Ammo ularda asosiy narsa bor, u ham bo‘lsa, Alloh taologa tavakkul, rizq axtarish uchun harakat, boriga qanoat va xotirjamlikdir.

Shu o‘rinda aytib o‘tishimiz lozimki, barchamiz biladigan va imon keltirgan: “Rizq ham, yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan”, degan aqidamizga qay darajada mustahkam yoki zaif ekanimiz shu kechayu, kunduzda bilinib qoldi. Dunyoning barcha davlatlarida tarqagan “SOVID-19” deb atalgan koronavirus munosabati bilan diyorimizda karantin holati e’lon qilinishi barobarida, ba’zi yurtdoshlarimiz o‘zlarini biroz yo‘qotib qo‘ydilar. Davlatimiz tomonidan qanchalar ogohlantirilmasin, o‘zaro yordam, hamjihatlikka chaqirilmasin, vatandoshlarimizdan ba’zilari oziq-ovqat va xizmat ko‘rsatish narxlarini oshirishga harakat qilishdi. Garchi bu “ba’zi”lar juda kamchilikni tashkil qilsa-da, asrlar davomida islom olamiga buyuk zotlarni yetishtirib bergan xalq uchun bu oriyat masalasidir.

Vatanimiz mo‘min-musulmonlari tomonidan Qur’oni karim ko‘p marotaba xatm qilindi, istig‘for, salavotlar aytildi. Bu ezgu va savob ishlar bugun ham davom etmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan juma kunlari barcha viloyat, tuman markazlari va ziyoratgohlarda qurbonliklar qilindi, Qur’oni karim va “Sahihi Buxoriy” xatmlari so‘ngida Alloh taologa bu kasallikni daf etishini so‘rab duolar qilindi.

Boshga biror musibat tushganida xayrli amallar qilinib, ularning barakotidan o‘sha musibatning arishini umid qilish dinimiz ta’limotlarida kelgan ko‘rsatmadir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham qiyinchilik bo‘lganida Alloh taologa ibodatlarda duolar qilar va sahobalarga ham shuni tavsiya etardilar. Biz ham bugungi holimizda qilgan ojizona duolarimizni Parvardigorimiz qabul qilishidan qattiq umidvormiz. Chunki yaxshi gumonda bo‘lish mo‘minga xos ish. Hadisi qudsiyda bunday deyiladi:

“Men bandamning Men haqimdagi gumonidaman” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi dunyo xalqlarini tashvishga solib turgan eng katta muammo, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Musulmon kishi bu ham Alloh taoloning bandalarga yuborgan bir sinovi ekanini yaxshi biladi. Biz bundan to‘g‘ri saboq chiqarib, Alloh taoloning bizga bergan sanoqsiz ne’matlarini qadrlashimiz, shukr qilishimiz, qo‘limizda borini yaqinlarimizga, ayniqsa, muhtojlarga ham ulashishimiz zarurligini anglab yetamiz.

Bu sinov biz – insoniyatni ortga yaxshilab nazar solib, qilgan ishlarimiz haqida tafakkur qilishga majbur qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus sababli ko‘chalardagi tartibsizliklar, jinoyatlar kamayib, odamlar bir-biriga mehr-oqibatli bo‘la boshlagan, ota-onalari, oila a’zolari bilan ko‘proq vaqt birga bo‘lmoqda. Biz mo‘minlar har bir sinovdan hikmat izlaymiz. Alloh taolo bunday degan:

“Yoqtirmagan narsangizda sizlarga yaxshilik bo‘lishi mumkin, yoqtirgan narsangizda esa sizlarga yomonlik bo‘lishi mumkin. Alloh bilganini sizlar bilmaysizlar” (Baqara surasi 216-oyat).

Alloh taolo bizlarga otaonamizdan-da mehribon va rahmlidir. Shunday ekan, insoniyatning baxtu saodati Uning ko‘rsatmalariga amal qilib, qaytargan ishlaridan tiyilishdadir.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, kishi vabo yoki inson hayotiga xavf soladigan boshqa kasallik tarqalgan vaqtda shariatimiz ko‘rsatmasiga amal qilib, Allohning taqdiridan rozi bo‘lgan holda uyida o‘tirsa, garchi o‘sha vabo sababli vafot qilmasa ham, shahidning ajru savobiga ega bo‘ladi. Imom Ahmad keltirgan rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu xususda bunday marhamat qilganlar:

“Vabo kelgan vaqtda, Alloh unga yozganidan boshqasi bo‘lmasligini bilgan holda savob umidida uyida o‘tirgan kimsaga shahidning ajri bo‘ladi”.

Aksincha, shariatimiz eslatmalari va jamiyatda o‘rnatilgan qonun-qoidalarni mensimasdan o‘zi va o‘zgalarning hayotini xavfga qo‘yish o‘zini halokatga tashlash bilan barobardir.

Imom Termiziy rivoyatida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

“Mo‘min kishi o‘zini xorlashi durust emas”, dedilar. “O‘zini qanday xorlaydi?” deyishdi. “Toqati yetmaydigan baloga o‘zini ro‘baro‘ qiladi”dedilar.

Shu o‘rinda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning yana bir muborak hadisi shariflarini keltirmoqchiman:

Abu Said Xudriy roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilib dedilar: (Islomda) Zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q. Kimki zarar bersa, Alloh unga ham zarar beradi. Kimki mashaqqatga solsa, Alloh ham uni mashaqqatga soladi” (Imom Hokim rivoyati).

Alloh taolo bizlarni O‘zining hidoyatidan adashtirmasin va boshimizga tushgan ushbu kasallikni tez fursatda ko‘tarsin hamda O‘zi Kitobida aytganidek, mashaqqatdan keyin keladigan yengillik, yaxshilik bilan siylasin!

Olimxon YUSUPOV

“Islom nuri” gazetasining 2020 yil, 8-sonidan

Kiritildi: 05:00 05.07.2020. O'qildi: 2405 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!