Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

«Kondensat ishi»da ayblanayotgan qashqadaryoliklar DXX hibsxonasida qiynoqqa solinganini aytdi

«Kondensat ishi»da ayblanayotgan qashqadaryoliklar DXX hibsxonasida qiynoqqa solinganini aytdi

Qashqadaryo viloyatida «kondensat ishi»da ayblanayotgan Alisher Gulistonov hamda Dilshod Umarovlar tergov jarayonida qiynoqqa solinganini, soatlab qo‘lidan osib qo‘yilib, ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazilganini aytdi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudida ma’lum qilindi, deya xabar berdi «Daryo» muxbiri.

«Kondensat ishi»da ayblanayotgan qashqadaryoliklar DXX hibsxonasida qiynoqqa solinganini aytdi

Alisher Gulistonov

Foto: «Daryo»

Xabar berilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudida «kondensat ishi»da ayblanayotgan 31 nafar shaxs hamda ushbu ish bo‘yicha guvohlik berganlar fikri eshitilgan.

Sudda so‘z olgan ayblanuvchi Alisher Gulistonov DXX tergov hibsxonasida saqlanayotgan paytida qiynoqqa solinganini, Nodir va Iftihor ismli DXX tergovchilari aytganini qilmasa, otasi va akasini qamatib yuborish bilan qo‘rqitganini bildirdi.

«Nodir va Iftihor ismli DXX tergovchilari tergov davomida qiynoqqa solib, ruhiy bosim o‘tkazishdi. Qo‘limga kishan taqib, oyog‘imni yerga tekkizmay, to‘rt soatlab qo‘limdan osib qo‘yishdi. Qiynoq tugagach, ‘nima bo‘lganini yozib ber’ deyishadi. Yozib bersam, voqea bunday bo‘lmagan, mana bunday bo‘lgan deb o‘zi aytib beradi va u aytgandek yozishimni talab qiladi. 500 varaqlar yozdim. O‘qib ko‘radi, o‘zi aytgandek bo‘lmasa, olib yirtib tashlaydi», — deydi sudlanuvchi.

Alisher Gulistonovning aytishicha, DXX tergov hibsxonasida qiynoqqa solinib, nima deyishi uqtirilgan sudlanuvchi prokuratura tergovchisi Sanjar Jalilovga duch qilingan va so‘ngra ko‘rsatma olingan.

«Qiynoqlar jondan o‘tgach, ular aytganini yozib, qilmagan ishimni tan oldim. Va sudda barchasini aytaman deb niyat qildim. Agar o‘sha yerga molni olib kirib, bizni qiynoqqa solgandek azob berishsa, mol ham gapirib yuborardi. Biz-ku odam, dodlab yuborganmiz», — deydi Alisher Gulistonov.

Gulistonovning qo‘shimcha qilishicha, DXX tergovi paytida undan neft mahsulotlar haqida deyarli so‘ralmagan.

«DXX xodimlari meni tergov qilish paytida qaysi organ xodimiga qancha pora bergansan, kimga ‘dolya’ berib yurgansan deya so‘rashardi. Neft mahsulotlari haqida deyarli so‘ralmasdi», — deydi u.

«Kondensat ishi»da ayblanayotgan qashqadaryoliklar DXX hibsxonasida qiynoqqa solinganini aytdi

Dilshod Umarov

Foto: «Daryo»

Sudlanuvchi Dilshod Umarovning aniqlik kiritishicha, Iftihor Sharipov ismli DXX tergovchisi unga viloyat prokurori o‘rinbosari, viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari va yana bir necha prokurorlarga qarshi ko‘rsatma berishini, ularga pora berganini aytishini talab qilgan.

«2019 yil 22 dekabr saylov bo‘lgan kuni meni ‘podval’dan tepaga olib chiqishdi. O‘sha Iftihor Sharipov degan DXX tergovchisi formada ekan. Ungacha menga Sherali Ashurovga ‘pokazaniya’ berasan deyishdi. Viloyat prokurorining qaysidir o‘rinbosari ekan. Otabek Qo‘ldoshevga, Kosonda prokuror bo‘lib ishlagan ekan. Dehqonboy akaga, Samad Turdiyevga, viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari ekan. Qolaversa, Saidmurodov Mehriddinga, yana 3-4 ta ‘GAI’larga qarshi ‘pokazaniya’ berasan deyishdi. Bularni tanimayman, qanday aytaman desam, aytasan deyishdi. Imkonim qolmagach, 2020 yil 21 yanvar kuni Saidmurodov Mehriddinga yozma ravishda ‘pokazaniya’ berdim», — deydi sudlanuvchi Dilshod Umarov.

Sudlanuvchi Alisher Gulistonovning himoyachisi Qahramon Qiyomov mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 31 nafar ayblanuvchiga nisbatan 6 ta epizod bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini, biroq 4 ta epizod bo‘yicha biror bir dalil yo‘qligini aytdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaroriga ko‘ra, ish bo‘yicha biror bir dalillar yo‘q bo‘lsa, har qanday shubha va gumonlar sudlanuvchi yoki ayblanuvchi foydasiga hal etilishi lozimligi belgilangan. Demakki, bunday paytda sud ushbu holatga alohida e’tibor qaratib, hukm chiqaradi degan umiddamiz», — deydi Qahramon Qiyomov.

«Kondensat ishi»da ayblanayotgan qashqadaryoliklar DXX hibsxonasida qiynoqqa solinganini aytdi

Qahramon Qiyomov

Foto: «Daryo»

Advokat Qahramon Qiyomov himoyasi ostidagi fuqaro tergov paytida qiynoqqa solinganini o‘z vaqtida aytmaganini, o‘zi ham voqeadan sud jarayonida xabar topganini aytib, mijozining tergov paytida qiynoqqa solinishiga sud alohida e’tibor qaratishidan umidvorligini bildirdi.

Advokatning qo‘shimcha qilishicha, sud ayblanuvchilarning tergovda qiynoqqa solinishiga aniqlik kiritish maqsadida prokuratura tergovchisi Sanjar Jalilovni sudga chaqirgan. Tergovchi sudda sudlanuvchilar qiyonoqqa solinmaganini bildirgan.

«Daryo» sud jarayonini yoritishda davom etadi.

Kiritildi: 11:24 04.10.2020. O'qildi: 3906 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!