Kolumbiyadagi chap qanot partizanlar guruhining kamida 27 a’zosi mamlakat janubi-g‘arbiy qismidagi o‘rmon hududini nazorat qilish uchun raqib guruh bilan to‘qnashuvlarda halok bo‘ldi.
Bu haqda Reuters agentligi mahalliy harbiy manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, so‘nggi oylardagi eng og‘ir janglar Bogotadan taxminan 300 kilometr (186 mil) janubi-g‘arbda joylashgan Guaviare departamentidagi El Retorno munisipalitetining qishloq joylarida bo‘lib o‘tdi.
Bu mintaqa, shuningdek, kokain ishlab chiqarish va kontrabandasi uchun strategik ahamiyatga ega ekanligi qayd etilgan. Ikkinchi harbiy manbaning aniqlik kiritishicha, to‘qnashuvlar Kolumbiya Inqilobiy Qurolli Kuchlari (FARS) ning Nestor Gregorio Vera boshchiligidagi (taxallusi Ivan Mordisko) guruhi va taxallusi Salarsa Sordoba bilan tanilgan Aleksandr Diaz Mendoza boshchiligidagi yana bir guruh o‘rtasida sodir bo‘lgan.
Ikkala guruh ham Markaziy Bosh shtab deb ataluvchi qism edi, ammo ichki kelishmovchiliklar tufayli 2024 yil aprel oyida bo‘linib ketdi. Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan ikki harbiy manbaning so‘zlariga ko‘ra, barcha qurbonlar Vera guruhidan bo‘lgan.