Bugun 9 mart, 2026 yil, dushanba

КИР

Kislotali yomg‘ir haqidagi xabar — feyk!

Kislotali yomg‘ir haqidagi xabar — feyk!

Ijtimoiy tarmoqlarda Eron osmonida “kislotali bulutlar” paydo bo‘lishi va bu Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham yetib borib, kislotali yomg‘irga sabab bo‘lishi haqida xabarlar tarqalmoqda. Bu ilmiy jihatdan asoslanmagan xabar.

Kislotali yog‘inlar atmosferada oltingugurt oksidlari (SO₂) va azot oksidlari (NO₂) uzoq vaqt davomida to‘planib, bulutlarda suv bug‘i bilan kimyoviy reaksiyaga kirishishi natijasida hosil bo‘ladi. Bunday jarayonlar asosan yirik sanoat hududlari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqindi manbalari yaqinida kuzatiladi.

Havo massalari uzoq masofalarga ko‘chishi jarayonida ifloslantiruvchi moddalar konsentrasiyasi atmosferadagi turbulentlik, vertikal aralashish, quruq va nam cho‘kish jarayonlari ta’sirida keskin kamayadi. Shu sababli manbadan minglab kilometr uzoqlikda xavfli darajadagi kislotali yog‘inlar shakllanishi deyarli mumkin emas.

Bundan tashqari, yog‘inlarning hosil bo‘lishi mahalliy bulut hosil bo‘lish jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lib, yog‘inlar asosan hudud ustidagi atmosferada mavjud bo‘lgan suv bug‘i va aerozollar hisobiga shakllanadi.

Meteorologik kuzatuvlar va atmosfera havosi sifati monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, kislotali bulutlarning O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar hududiga ko‘chib kelishi xavfi kuzatilmayapti.

Kiritildi: Bugun 14:02. O'qildi: 489 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!