Kim Chen In Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga tabrik telegrammasini yubordi, deb xabar beradi RIA Novosti Shimoliy Koreya Telegraf agentligiga tayanib.
KXDR rahbari Rossiya Prezidentiga sihat-salomatlik va mamlakat ravnaqi yo‘lida ishlashda muvaffaqiyat, Rossiya Federasiyasining barcha aholisiga farovonlik tiladi.
"Rossiya kuni munosabati bilan Sizga, Rossiya Federasiyasi hukumati va xalqiga samimiy tabriklarimni yo‘llayman... Bugun Rossiya xalqi sizning g‘ayratli rahbarligingiz bilan har qanday qiyinchilikni jasorat bilan yengib, katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda, KXDR xalqi bundan chin dildan quvonadi”, — deb yozdi Kim Chen In maktubda.
U, shuningdek, chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lgan "koreys-rus do‘stligining qadimiy an’analari"ni yanada mustahkamlash va rivojlantirishdan umid qilayotganini ta’kidladi.