Bugun 21 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Kim Chen Inning 365 kun dam olishsiz va uyqusiz ishlashi haqida...

Kim Chen Inning 365 kun dam olishsiz va uyqusiz ishlashi haqida...

So‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning tez-tez yo‘qolib qolayotgani haqida xabarlar rosa aylandi. 

Yaqinda New York Post  gazetasida berilgan ma’lumotlarda buning boisi oydinlashgandek go‘yo. U siz o‘ylayotgandek kasallik, jarrohlik amaliyoti, ortiqcha vazn tufayli nafas qisishi va salomatlikdagi boshqa muammolar, maxfiy haramxonalardagi bazmu jamshidlar emas ekan. 

Aytilishicha, sabablar umuman boshqa tomonlarda "uchib yuribdi". 
Ya’ni ushbu nashrning xabar berishicha, janob Kim yiliga 365 kun, tinim bilmay, dam olmay, hatto uxlamay ishlayotgan ekan. Hatto tug‘ilgan kuni va uni nishonlash ham esidan chiqib ketibdi. Albatta, amerikalik jurnalist bularni osmondan olib yozmagan. Balki KXDRdagi "Nodon sinmun"(nomidagi birinchi so‘zning o‘zbekcha muqobili ham borligiga nima deysiz) kundalik gazetasi ma’lumotlariga asoslanib o‘z "fantastik qissasi"ni tuzgan.

New York Post 'da yozilishicha, Shimoliy Koreyaning mazkur rasmiy nashri birinchi sahifasi Kim Chen In boshqaruvining oxirgi sakkiz yilini madh etishga bag‘ishlangan.

"Boshidanoq liderimizning inqilobiy taqvimida... dam olish, bayram va tavallud kunlari yo‘q edi", — deyiladi maqolada.

"Oliy yetakchi, janob Kim Chen In hozirgi kunda ham uxlamaslik, dam olmaslikda davom etmoqda, chunki ish grafigi juda tig‘iz", — deya urg‘u beradi gazeta.

Maqolada Shimoliy Koreya rahbari siyosatida "odamlar ustuvor ahamiyat kasb etishi"ga alohida e’tibor qaratilgan. Qayd etilishicha, Kim Chen In kimki o‘z lavozimini suiiste’mol qilsa, hech ikkilanmay, uni jazolaydi. Bu borada uning harbiylar saflaridan korrupsiya illatini tozalash haqidagi buyrug‘iga to‘xtalib o‘tiladi. 

Nashr xalqning Kimga nisbatan muhabbatini ham yuksak baholaydi. Bugun mamlakat boshidan o‘tkazayotgan "mislsiz qiyinchiliklar" va "og‘ir sharoitlar", jumladan, xorij davlatlarining bosimlariga qaramay u mamlakatni oqilona boshqarib kelayotgani maqtalgan. 

Yozilishicha, Kim Chen In rahnamoligida mamlakat armiyasi shu qadar kuchaytirildiki, natijada u "dunyo darajasidagi harbiy qudrat" kasb etdi. Bu ketishda yaqin kelajakda iqtisodiyot ham jahon miqyosida muvaffaqiyatlarga erishishi qo‘shimcha qilib ketilgan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi? Bunday madhlar u taraflarda oddiy holki, nimasidan ajablanish kerak?

Gap shundaki, maqolaning o‘ziga xosligi uning mazmunida emas, balki konteksti, ya’ni chop etilish vajida desak xato bo‘lmaydi. Sababi bunday "shapaloqdek" madhiya Kim Chen In qudratga kelganining 8 yilligiga bag‘ishlab aprel oyida chop etilishi kutilayotgan edi. Ammo ijod namunasi keyinroq, ya’ni mayda e’lon qilindi. Balki hukumatning bunday qilishdan maqsadi boshqadir. 

Keling taxmin qilib ko‘ramiz. Ikki haftadan beri ko‘rinmayotgan Kim Chen In haqida may o‘rtalariga kelib yana mish-mishlar tarqala boshlagan edi. Maqola esa 16 may kuni tezkorlik bilan chop etildi. Balki shu orqali davlat rahbari azbaroyi ko‘p mehnat qilayotganidan, xalqiga ko‘rinish uchun ham vaqt topa olmayapti demoqchi bo‘lishgandir. Yana bilmadik.
Esingizda bo‘lsa, Shimoliy Koreya yetakchisi 15 aprel kuni mamlakatda nishonlanadigan eng katta bayramlardan biri — bobosi Kim Ir Senning tug‘ilgani kunida ishtirok etmaganidan so‘ng, uni g‘arb ommaviy axborot vositalari "o‘ldi"ga chiqarishgan edi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay Donald Tramp Kim Chen Inni sog‘-omon ko‘rib turganidan xursand ekanligini izhor etgandi.

Kiritildi: 22:24 21.05.2020. O'qildi: 3734 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!