Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Polshaga nisbatan bir qator qat’iy bayonotlar bilan chiqdi.
U Polshada antiukrain kayfiyati kuchayib borayotganini ma’lum qildi va polshaliklarning Ukrainaga nisbatan har qanday do‘stona bo‘lmagan qadamlariga xuddi shunday javob qaytarishga va’da berdi.
"Boshqa biron bir davlat prezidenti bizga tariximizni aytib bermaydi. Biz barcha qadamlarni, ayniqsa, bu qadamlar mamlakatimizga nisbatan do‘stona bo‘lmasa va kamsituvchi bo‘lsa, xuddi shunday qaytaramiz. E’tibor bermaslik davri o‘tdi", — deya tahdid qildi Sibiga.
Shuningdek, u Gdanskda Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha konferensiya o‘tkazilishi endilikda so‘roq ostida ekaniga shama qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, unda Kiyevning ishtirok etishi to‘g‘risidagi qaror dushanba kuni qabul qilinadi va Zelenskiy tomonidan ma’qullanishi kerak.
"Dushanba kuni biz mamlakatimiz prezidentiga Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha konferensiyaga tayyorgarlik, u yoki bu qarorlarning oqibatlari va uni o‘tkazish shartlari to‘g‘risida hisobot beramiz. Buning natijalariga ko‘ra prezident qaror qabul qiladi", — dedi Sibiga.
Shu bilan birga, Polshaning "Wirtualna Polska" nashri tadqiqotlariga ko‘ra, respondentlarning 58 foizi Ukraina prezidenti Polsha va polshaliklarga salbiy munosabatda deb hisoblaydi. Bunda faqat 30 foizi qarama-qarshi fikrda.