Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

«Kelin ham chakkimas, xmmm...» Erkakka shu yarashadimi?

«Kelin ham chakkimas, xmmm...» Erkakka shu yarashadimi?

Yo‘q, oshxonada ovqatlanib o‘tirgan erkaklar haqida gapirmoqchi emasman. Oshpazlik kasbi o‘z yo‘liga oshxonada ovqat pishirayotgan erkaklar ham mavzuimizdan tashqarida. Eslasangiz, Abdullajon kinofilmida ota-bolaning qalbaki pullarni o‘choqqa yoqqan lavhasi bor. O‘shanda Abdullajonning onasi : Nima qilib o‘ralashib yuribsiz, erkak kishi oshxonada?! deydi yarim ajablanish, yarim kinoya bilan. Xullaski, mavzuimiz o‘shanday, ya’ni oshxonada o‘ralashib yurgan erkaklar haqida!

Har kimning o‘z didi, o‘z qiziqishlari bo‘ladi. Shuningdek, bo‘sh vaqtini har kim o‘zicha o‘tkazishi sir emas. Kimga qanaqa bilmadim, ammo men bo‘sh vaqtimda televizor tomoshasiga chog‘langan paytlarim kam bo‘ladi. Nima qilaman asabimni buzib? U kanalda ham serial, bu kanalda ham... Yana bir telekanalda Uydagi gap degan ko‘rsatuvi bo‘lyapti ekan. Ko‘rsatuvning nomiyoq mantiqdan ancha nari: uydagi gapni nainki keng ommaga, hatto ko‘chaga olib chiqish shartmi?! Ajab... Bunday teleko‘rsatuvlarning hakam-u ekspertlari hayotning achchiq-chuchugini totishga ulgurmagan, gap-so‘zlaridan hayotga nisbatan yengil-elpi qarashi sezilib turuvchi yosh shou-biznes vakillari ekaniga nima deysiz?!

...Ta’bimni tirriq qilgan shunday efirlardan biri qaynona-kelin o‘rtasidagi ovqat tayyorlash jarayonini ko‘rsatuvchi Birga bir teleko‘rsatuvi bo‘ldi.

Kelin ham chakki emas!

Bu iborani biror ayol yoki kampir aytgan bo‘lganida parvo qilmagan bo‘lardim. Lekin kap-katta erkak yuzini ekraniga tutgancha iljayib: Kelin ham chakki emaas, hmmm!. desa, g‘alati bo‘larkan-da. Hay, qaynona-kelin ovqat tayyorlar ekan, shunga ham ota go‘ri qozixonami, dersiz? Ehtimol. Biroq oshxonada ovqat tayyorlayotgan ikki ayolning o‘rtasiga erkak kishining turib olib, gap qo‘shishi juda erish ko‘rinar ekan.

Keng oshxonada ikkita stol. Birida qaynona ovqat tayyorlayapti, birida kelin. Boshlovchi qiziqchi Botir Muhammadxo‘jayev esa goh qaynonaning qabatiga suqiladi, goh kelinning. Oilaviy hayot, boshqa ikir-chikirlardan gap so‘rab, kameraga qarab iljayib-iljayib qo‘yadi...

Ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar ko‘p, ajablanarlisi, ularning aksariyatida ovqat tayyorlash o‘rgatiladi go‘yo. Ovqatxo‘r xalq ekanimizga shuning o‘zi kifoya aslida. Bunaqa ko‘rsatuv mehmonlari ma’lum: artist, xonanda, sozanda... Mayli, bu endi alohida mavzu.

Erkak kishining oshxonada o‘ralashib yurishining o‘zi ko‘zga xunuk ko‘rinadi. Endi nima deysizki, qaynona-kelinni oshxona ringi ga chorlab, o‘rtada sekundantlik qilish ham erkakka qolibdi?! Shu yarashadimi?

Bayram ALI

Manba: xabar.uz

Kiritildi: 11:59 10.02.2019. O'qildi: 9830 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!