Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Katta Farg‘ona kanali nomi «Usmon Yusupov nomli Katta Farg‘ona kanali»ga o‘zgartiriladi

Katta Farg‘ona kanali nomi «Usmon Yusupov nomli Katta Farg‘ona kanali»ga o‘zgartiriladi

Farg‘ona vodiysining ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim ahamiyatga ega, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini sug‘orishda asosiy o‘rin tutuvchi Katta Farg‘ona kanalining qurilganligiga bu yil 80 yil to‘lmoqda.

Shu munosabat bilan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Katta Farg‘ona kanalining “80 yilligi” bayram tadbirini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish haqida”gi hujjat loyihasi e’lon qilindi.

Unda ta’kidlanishicha, hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligining Katta Farg‘ona kanalining “80 yilligi” bayram tadbirini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish bo‘yicha bildirgan takliflari ma’qullanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi sohasida xizmat ko‘rsatgan irrigatorlarning Katta Farg‘ona magistral kanali nomini “Usmon Yusupov nomli Katta Farg‘ona kanali”ga o‘zgartirish bo‘yicha bildirgan taklifiga rozilik beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi:

Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda Katta Farg‘ona kanalining to‘rtinchi bo‘limi Rishton tumani hududida Usmon Yusupov byustini o‘rnatish;

Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda bayramda ishtirok etadigan qo‘shni respublika vakillarini kutib olish, ularni harakat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘radi.     

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda Katta Farg‘ona kanalining “80 yilligi” bayram tadbirida qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalari vakillari ishtirokini ta’minlaydilar.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Katta Farg‘ona kanalining “80 yilligi” bayram tadbirida respublikaning taniqli san’atkorlari, so‘z ustalari ishtirok etishini ta’minlaydi.

Belgilanishicha, bayram tadbirini o‘tkazish xarajatlari Farg‘ona viloyati mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan teng ulushlarda amalga oshiriladi.

Mazkur hujjat bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.Vahobov zimmasiga yuklatiladi.

Eslatib o‘tamiz, sobiq O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasi Markaziy kengashi kotibi Usmon Yusupovning 1939 yil 3 iyundagi 896-sonli qarori Katta Farg‘ona kanalining qurilishiga asos bo‘lgan.

Katta Farg‘ona kanali qurilishi 1939 yilning avgust oyida boshlanib, xalq hashar yo‘li bilan 45 kunda 270 kilometr uzunlikda bunyod etilgan.

O‘zbek xalqining matonati bilan qisqa muddatda 18 million kubometr hajmda tuproq qazish ishlari bajarilib, 450 donadan ortiq suv inshootlari va 38 dona ko‘priklar qurib bitkazilgan.

Umumxalq hasharida O‘zbekistonning 200 ming nafardan ziyod aholisi bilan birga qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalarining ham ko‘plab aholisi kamarbasta bo‘lgan.

 

Kiritildi: 15:40 10.08.2019. O'qildi: 7652 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!