Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Karib inqirozini keltirib chiqargan hodisa. Kastroni jismonan yo‘q qilish operasiyasi haqida

Karib inqirozini keltirib chiqargan hodisa. Kastroni jismonan yo‘q qilish operasiyasi haqida

«Daryo» kolumnisti Jahongir Ergashev AQSh prezidenti Jon Kennedining Kuba rahbari Fidel Kastro hukumatiga qarshi harbiy amaliyotlarga ruxsat berishi, bu voqea Karib inqirozining yuzaga kelishi tarixi haqida hikoya qiladi.

Kuba—AQSh «asal oyining» inqirozi

1959 yil 1 yanvar sanasida amalga oshgan Kuba inqilobidan so‘ng AQSh hukumati Kubadagi inqilobiy hukumatni to‘ntarib tashlash uchun harakat qila boshladi.

AQSh milliy xavfsizlik kengashining Amerika masalalari bo‘yicha davlat kotibi o‘rinbosari Roy Rubbot 60 yillar boshida AQSH—Kuba munosabatlarini tasvirlar ekan 1959 yilning yanvar—mart oylaridagi ikki mamlakatning munosabatlarini «asal oyi» sifatida tasvirlaydi. Aprel oyida ikki mamlakat munosabatlari soviy boshlaydi. Iyun oyiga kelib AQSh oliy rahbariyati Kastro hukumati ag‘darib tashlanmas ekan, AQSh Kubadagi maqsadlariga erisha olmasligini, shu sababdan iyul—avgust oylarida Kastro siyosatini boshqa siyosiy yetakchi bilan almashtirish borasida reja tuziladi. Biroq Kubada mulklaridan xavotirga tushgan ayrim kompaniyalar Kastro bilan kelishish mumkinligiga ishonch bildirishi bois, AQSh siyosiy elitasi rejasi ortga suriladi. AQShning rejasi, asosan, Kubada Kastroga muxolifat bo‘lgan siyosiy guruhlarni dastaklash orqali amalga oshirilishi kerak edi. 1960 yilning boshlarida MRB rahbari Allen Dalles prezident Duayt Eyzenxauerga Kubaning shakarqamish plantasiyalarida ish tashlash bilan siyosiy norozilikni boshlashni taklif qiladi. Eyzenxauer bu rejaga rozi bo‘lar ekan, Kastroga qarshi yanada natijakor va keskinroq siyosiy agressiya urushni qo‘llash kerakligini ham ta’kidlaydi. Bu rejaga asosan AQSh Kubadagi muxolifatchilarni dastaklashi kerakligi rejaning asosini tashkil qilardi.

1960 yilning 17 mart sanasiga kelib Eyzenxauer Kubaga qarshi harakatning rejasiga o‘zgartirish kiritadi. Bunga ko‘ra, AQSh Kubadagi qo‘poruvchilik harakatiga zo‘r berishi, muxolifatni birlashtirgan holda harakat qilish va Kubadan tashqarida harbiylashtirilgan jangovar guruhlarni tashkil qilishni nazarda tutuvchi yangi rejani ishlab chiqadi. Mazkur rejaga binoan, AQSh Kubaga qarshi psixologik hujumlarni uyushtirishi kerak edi. AQShning MRB tashkiloti Panama va Gvatemalada Kastro rejimiga qarshi kurashadigan partizan otryadlarini tashkil qiladi. 18 avgust sanasida Eyzenxauer hukumati Kubaga qaratilgan rejani amalga oshirish uchun 13 million dollar mablag‘ ajratadi. 1960 yil kuziga kelib MRB Kubaga qarshi harakatlarda partizan otryadlari bilan kurashishning o‘zi yetarli emasligini va Kubaga desant tushirish eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini tushunib yetadi. Shu orada Oq uydagi rahbariyat o‘zgarib qoladi va hukumat tepasiga Jon Kennedi keladi. Eyzenxauerning Kubaga qarshi harakatlari omadsizlikka uchragani AQSh siyosiy doiralarida tanqid qilinadi.

Kennedi va Kuba qarama qarshiligi

1961 yilning 4 aprel sanasida AQShning navbatdagi prezidenti Jon Kennedi Kubaga qarshi harbiy amaliyot o‘tkazishga ruxsat beradi. Kennedi ham yirik mulkdorlaning qarashlari ostida Kubaga nisbatan adovatini shakllantirgan va shu boisdan ham Fidel Kastroning Kubadagi rejimiga dushmanlik ko‘zi bilan qarardi. Fidel Kastroning xususiy mulkni nasionalizasiya qilishiga javoban AQSh hukumati Kuba bilan diplomatik aloqalarini uzadi. Ammo bu Kubadagi rejimga mutlaqo salbiy ta’sir qilmaydi. Kuba Sovet Ittifoqi ko‘magi va himoyasiga tayana boshlaydi. 1960 yilning fevral oyida Anastas Mikoyanning Gavanaga tashrifi chog‘ida Kuba va Sovet Ittifoqi o‘rtasida savdo kelishuvlari imzolanadi. Kuba va SSSR aloqalari rivojlana boshlaydi. Sovet Ittifoqi Kuba shakari sotib olish va Kubaga neft va boshqa maxsulotlarni yetkazib berish majburiyatini olar ekan, Kubaga 100 million dollar miqdorida kredit berishga ham rozi bo‘ladi. Vashington esa vaziyat tobora jiddiylashib borayotganidan xavotirga tushadi va Kubaga harbiy intervensiya uyushtirishga tayyorlanadi.

MRB direktori Dalles Kennediga Kubaga qarshi havo desanti amaliyoti qo‘llashning yangi rejasini taqdim qiladi. Florida shtatining Mayami shahrida «Kuba inqilobiy kengashi» tashkil qilinadi. Biroq Kennedi Kubaga ochiqdan ochiq hujum qilish rejasini ma’qullamaydi. Kennedi nazarida Kubaga qarshi ochiqdan ochiq agressiya uyushtirish AQShning xalqaro hamjamiyat oldidagi yuzini yo‘qotishiga olib kelardi. Biroq Kennedi Kubaning tobora SSSR bilan inoqlashib borayotganligidan xavfsiragan holda o‘z burni ostida kommunistik rejimning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ya olmasdi.

Karib inqirozini keltirib chiqargan hodisa. Kastroni jismonan yo‘q qilish operasiyasi haqida

Foto: Google Photos

Bajarilmagan va’da va millatlar nafrati

Kennedi qanday bo‘lmasin Kuba ozodligiga dahl qila olmasligini tushunardi, shu sababdan u AQSh dengiz kuchlarini Kubaga agressiyasini uyushtirishni niqoblashga intiladi va harbiy desant kuchlari Kuba orolining janubidagi Kochinos bo‘g‘ozidan boshlashga buyruq beradi. MRB polkovnigi Frenk Bender Kastroga muxolifatda bo‘lgan general Batista tarafdori bo‘lgan harbiy dala qo‘mondoni Xose Alfredo Romanoga «har qanday holatda ham AQSh kubaliklarga yordamga kelishi» borasida va’da beradi. 1961 yil boshlarida Kuba harbiy havo kuchlarida bor yo‘g‘i 24 dona harbiy uchoq bor bo‘lib, AQSh harbiy razvedkasi bir urinishda Kubaliklarning havo hujumlarini barbod qilishi borasida ishonchi komil ekanligini aytadi. 15 aprel sanasida amerikaliklarning havo hujumlari kutilgan natijani bermaydi. Kuba uchoqlaridan 13 tasi omon qoladi. Kubaliklarning qarshi hujumlari natijasida ikkita Amerika uchog‘i urib tushiriladi. AQSh dastlabki harakatda mag‘lubiyatga uchragandi.

AQShning yollanma kuchlari 16 aprel sanasida Oryente viloyatining sohillariga ikki marta yorib kirishga urinadi, ammo omadsizlikka uchraydi. AQSh kutganidek Kubaga agressiya uyushtirsak, barcha xalq biz bilan birga bo‘ladi, degan holat yuzaga kelmaydi. 19 aprel sanasida AQSh uyushtirgan intervensiya mutloq mag‘lubiyat bilan yakunlanadi. AQSh mazkur harbiy amaliyot davomida 150ga yaqin harbiylaridan, 4 harbiy kemasi, 12 ta uchoq, 10 ta tank, 20 ta harbiy mashinalaridan mahrum bo‘ladi va 1200 ga yaqin amerikaliklar asirga olinadi. Kubaliklarning talofati esa 156 nafar harbiy va 2 uchoq, 1 tank bilan baholanadi. MRB direktori iste’fo berishga majbur bo‘ladi.

Mazkur harbiy amaliyot tez orada dunyo matbuotida turli tafsilotlar bilan yoritila boshlaydi. AQSh hukumati tanqid nishoniga aylanadi. Ayrim mamlakatlarda AQSh elchixonalari o‘qqa tutiladi. Kuba hukumati AQShning mazkur harakatidan 53 million dollar zarar ko‘rganligini hisoblab chiqadi va asirga olinganlarni o‘q dori va dori darmonga almashtirib oladi. AQSh hukumati barcha talablarni zudlik bilan bajaradi va asirlarni qutqarib oladi.

Kiritildi: 11:01 09.04.2021. O'qildi: 4177 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!