Germaniya aholisining yarmidan ko‘pi Kanadaga Yevropa Ittifoqi (EI) doirasida maxsus maqom berish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqda. BILD uchun INSA instituti o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, respondentlarning 52 foizi Kanadaning «assosiasiyalashgan a’zoligi» g‘oyasiga ijobiy munosabat bildirgan.
Respondentlarning 14 foizi bunga qarshi chiqqan, yana 20 foizi esa bu masala ular uchun farqsiz ekanini aytgan.
Bu g‘oyani dastlab Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ilgari surgan. U Kanadani YEIning birinchi «assosiasiyalashgan a’zosi»ga aylantirish va mudofaa, energetika, texnologiyalar, sun’iy intellekt hamda strategik xomashyo ta’minoti sohalarida hamkorlikni sezilarli darajada kengaytirishni taklif qilgan.
Kanada bosh vaziri Mark Karni ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlagan.
Ayni paytda YEI shartnomalarida «assosiasiyalashgan a’zolik» maqomi mavjud emas. Uning huquqiy mazmuni hali ishlab chiqilishi kerak.
Amaldagi qoidalarga ko‘ra, Kanadaning YEIga to‘liq a’zo bo‘lishi mumkin emas, chunki Ittifoqqa faqat Yevropa davlatlari qo‘shilishi mumkin.