Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Kambag‘allikning oilaga ta’siri

Kambag‘allikning oilaga ta’siri

Yo‘qchilikning oilaga zarari juda ko‘p. Jumladan, avvalo oila qurish, oilani saqlab qolish, uning mustahkam bo‘lishi moliyaviy holatga ham bog‘liq. Yigit kishini oila qurishdan to‘sib turadigan eng katta to‘siqlardan biri aynan kambag‘allikdir. Nafaqat oila qurish, balki mahr, ro‘zg‘or, mustaqil hayot kechirishga ham mablag‘ zarur. Ayni shu sababdan Alloh taolo oila qurmaganlarga imkon topgunlariga qadar iffatlarini saqlashga buyuradi: “Nikoh (imkon)ni topa olmaganlar, to Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilgunicha iffatlarini saqlasinlar” ( Nur surasi, 33-oyat).

Hayotda ko‘p guvoh bo‘lamiz, ko‘pchilik qizlar kambag‘alroq yashaydiganlarga turmushga chiqishdan bosh tortadi. Ota-onalar ham qizini turmushga uzatishda bu jihatni albatta e’tiborga oladi. Yo‘qchilik azaldan katta dardlardan biri bo‘lib, buni Qur’oni karim ham e’tirof etadi va ota-onalarga kuyov tanlashda faqat moliyaviy tomonini emas, salohiyatini ham e’tiborga olishlari lozimligini uqtiradi: “Oralaringizdagi nikohsizlarni va xizmatkorlaringizdan solihlarini nikohlab qo‘ying. Agar faqir bo‘lsalar, Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilur. Alloh (fazli) keng, o‘ta bilguvchi zotdir” (Nur surasi, 32-oyat).

Yo‘qchilik axloq-odobga ta’sir qiladigan illatlardan biri sanalib, oila mustahkamligiga putur yetkazadi. Kimdir eridan, kimdir ayolidan shikoyat qilib, ajrashishni ma’qul ko‘radi. Bu narsalar Islom qonunchiligida ham e’tiborga olingan bo‘lib, “zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q” qoidasiga ko‘ra, agar erning oilani boqa olmasligi ma’lum bo‘lsa, ayolning talabi bilan qozi ularni ajrashtirib yuboradi.

Yo‘qchilik oila a’zolariga nisbatan mehrni, muhabbatni kamaytiradi. Ba’zan inson yo‘qsillik tufayli o‘z jigargo‘shasini o‘ldirishgacha boradi. Bu inkor etib bo‘lmas haqiqat bo‘lib, voqelikda yuz berganini va yuz berishi mumkinligini Qur’oni karim ham e’tirof etgan hamda bundan qattiq qaytargan: “Faqirlik tufayli bolalaringizni o‘ldirmang. Biz sizlarni ham, ularni ham rizqlantirurmiz” (An’om surasi, 151-oyat) Boshqa oyatda quyidagicha keladi: “Bolalaringizni faqirlikdan qo‘rqib o‘ldirmang. Biz ularni ham, sizlarni ham rizqlantiramiz. Albatta, ularni o‘ldirish katta xatodir” (Isro surasi, 31-oyat)

E’tibor bersak, birinchi oyatda “faqirlik tufayli” deyildi. Ya’ni bu yerda kambag‘allik yuzaga kelib bo‘lgani aytilmoqda. Ikkinchi oyatda esa “faqirlikdan qo‘rqib” deyildi. Bu yerda kambag‘allik hali yuzaga kelmagan, lekin uning kelishidan xavf bor holat nazarda tutilyapti. Oyatda kambag‘allik boisidanmi yoki undan qo‘rqibmi, farqsiz – jinoyat qilishga sabab bo‘la olmasligi ta’kidlanmoqda. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday jirkanch ishni shirkdan keyin sanaganlari ham bejiz emas. U zotdan: “Eng katta gunoh nima?” deb so‘rashdi. “Seni yaratgan Allohga shirk keltirishing”, dedilar. “Keyinchi?” deb so‘rashdi. “Taom berishdan qo‘rqib farzandingni o‘ldirishing”, dedilar (Buxoriy, Muslim)

Islom dini iqtisodiy omillarning insoniy fazilatlarga ana shunday salbiy ta’sir qilishini, hatto ba’zilar odamgarchilikdan chiqib, razil ishlarni ham qilishi mumkinligini e’tirof etadi. Lekin bu bilan hamma yomon ishlarga iqtisodiy tanglik sabab bo‘ladi, deyish ham noto‘g‘ri, albatta.

Kambag‘allikning jamiyat barqarorligiga ta’siri

Yo‘qchilikning yuqoridagilardan tashqari jamiyat va uning barqarorligiga ham ta’siri katta.

Abu Zarr roziyallohu anhu: “Ajabo, uyida yegani narsasi yo‘q odam, qanday qilib odamlarga qilich ko‘tarmasligi mumkin?!” degan ekanlar.

Umumiy ofat yoki biror sabab jamiyatda kambag‘allar ko‘paygan, yo‘qchilik elga kelgan “to‘y”dek bo‘lsa chidash mumkin. Biroq adolatsizlik natijasida kimdir boy, boshqasi kambag‘alga aylangan, odamlar bir-birini talashni odat qilgan va jamiyatda ko‘pchilik bu dardga mubtalo bo‘lsa, bu yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Faqirlik balosi parokandalik, fitna-fasodlar urchishiga, insonlar o‘rtasida odamgarchilikning yo‘qolishiga bois bo‘luvchi ofatga aylanadi.

Jamiyatda qasrlaru kulbalar, to‘qchiligu yo‘qchilik bo‘lar ekan, hasad va nafrat qalblarda alanga olaveradi. Bu alangada esa ho‘lu quruq baravar yonadi, to‘qlar bilan ochlarning o‘rtasidagi jarlik kengayib boraveradi. Natijada esa, buzg‘unchi g‘oyalarning o‘laksaxo‘r poydevorlari o‘z inlarini yo‘qsillik qurbonlari orasida qura boshlaydi.

Bundan tashqari, kambag‘allik millatning yuksalishi, erkinligi va mustaqilligiga ham tahdid soladi. Bir burda nonga muhtoj bo‘lgan kishining ko‘ksida vatanini, millatini himoya qilish degan tuyg‘ular bo‘lmaydi.

Kambag‘allikning ana shunday zararlari bor. Hali oziq-ovqat tanqisligi, og‘ir sharoitlar oqibatida vujudga keladigan kasalliklar yoki boshqalarning kamsitishlari, ho‘rlashlari natijasida yuzaga keladigan ruhiy zo‘riqishlar haqida batafsil gapirganimiz yo‘q.

1.  Islom kambag‘allikka nisbatan jabariylarning qarashlarini inkor etadi

Islom dini kambag‘allikni muqaddas deb biladiganlarning qarashlarini yoqlamaganidek, yo‘qchilikni taqdirning o‘zgarmas qonuni va uni hech kim o‘zgartira olmaydi deb hisoblaydigan jabariylarning e’tiqodlarini ham inkor etadi.

Undaylarning fikricha, kambag‘allik ham, boylik ham Allohning xohishiga ko‘ra bo‘lgani uchun har bir kishi Allohning irodasini barcha narsadan ustun deb bilishi va bunga rozi bo‘lishi kerak, uni o‘zgartirishga harakat qilmasligi lozim.

Bunday qarash og‘ir vaziyatlarni o‘nglash, joriy voqeliklarni o‘zgartirish, adolat qilishga urinish va birdam bo‘lishga intilishni qoralaydi.

Islomning mukammalligi shundaki, u insonni kambag‘allik va muhtojlik kishanlaridan ozod qilishni, erkin hayotda shaxsning daxlsiz bo‘lishini va jamiyatdagi hamjihatlikni mustahkamlashni ko‘zlaydi. 

Ajablanarli tarafi, kambag‘allar asl haqiqatni bilmaganlari va har gapga indamay ko‘nib ketaveradigan bo‘lgani uchun jabariylar qarashini ma’qullagan bo‘lsalar, boy kimsalar kibrlari va yovuz maqsadlari yo‘lida bunga xayrixohlik bildirganlar. Bu oqimga ayrim dindorlarning bo‘yin egishlari esa, g‘aflatdan boshqa narsa emas.

Islom kelgan paytda ham bunday qarashlar mavjud edi. Shuning uchun ham islomiy qonun-qoidalarda boylarning Alloh bergan rizqdan infoq qilishi belgilab qo‘yildi va o‘z ixtiyoricha muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zgan saxovatpeshalarga ulkan ajrlar va’da qilindi. Yo‘qchilik Allohning majburiy va o‘zgarmas qonunidir, deganlarga quyidagi oyat raddiya beradi: “Ularga “Alloh sizga rizq qilib bergan narsadan infoq qilinglar”, deyilganida, kufr keltirganlar iymon keltirganlarga “Alloh xohlasa, O‘zi taom beradigan kimsani biz taomlantiramizmi?! Siz ochiq-oydin zalolatdan boshqa narsada emassiz”, derlar” .

Ularning da’volaricha, Alloh beva-bechoralarni taomlantirishni xohlasa, osmondan nonu taomlarni nozil qilar emish. Bundan ham aqlsizroq qarash bo‘lishi mumkinmi?! Alloh insonlarni bir-birlariga bog‘liq ravishda rizqlantirishini tushunish nahotki qiyin bo‘lsa?! Axir, ularning qarichi bilan o‘lchangan taqdirda ham, kambag‘alga yordam bergan kishi Allohning irodasi bilan yordam bergan bo‘ladi-ku?

Dinimizda eng katta qarashlardan biri shuki, muammo bor ekan, albatta, uning yechimi ham bo‘ladi. Dardni yaratgan Zot davo choralarini ham chiqarib qo‘ygan, kasal qilgan Zot davolashgada qodirdir. Kasallik ham, davosi ham taqdirdan. Haqiqiy mo‘min kishi taqdirni rozilik bilan qarshi olishi kerak.

Qismatiga bitilgan ochlikni qismatidagi taom bilan ketkazsin, peshonasiga bitilgan chanqoqlikni peshonasiga bitilgan ichimlik bilan qondirsin. Shu o‘rinda Hazrat Umar roziyallohu anhu bilan bo‘lib o‘tgan bir voqeani keltirish ayni muddao bo‘ladi. U zot Shomda vabo tarqalgani tufayli u tomon boshlangan safarlarini bekor qiladilar va boshqalarni ham qaytaradilar. Hazrat Umar roziyallohu anhuga “Allohning taqdiridan qochamizmi, ey mo‘minlar amiri?” deyishganida “Ha, Allohning taqdiridan Allohning taqdiriga qochamiz” deb javob beradilar .

Kambag‘allik bir dard ekan, Alloh uning davo choralarini ham belgilab qo‘ygan. Yo‘qchilik Allohning taqdiri ekan, undan qutilish uchun harakat qilish ham Allohning taqdiri bilan bo‘ladi.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 20:51 23.02.2020. O'qildi: 4344 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!