JSST O‘zbekistonni qizamiqdan xoli davlatlar ro‘yxatidan chiqardi.
Ushbu qaror emlash qamrovining yetarli darajada bo‘lmagani fonida qizamiq epidemiyasi qayd etilgan yana bir qator davlatlarga nisbatan ham qabul qilingan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) so‘nggi yillarda kasallanish darajasi oshgani sababli O‘zbekistonni qizamiqdan xoli mamlakat maqomidan mahrum qildi.
Shunday qaror yana besh davlat — Ozarbayjon, Avstriya, Buyuk Britaniya, Ispaniya va Armanistonga nisbatan ham qabul qilingan.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mamlakatlarda 2024 yilda qizamiq epidemiyasi kuzatilgan. Xalqaro qoidalarga binoan, agar virus bir yildan ortiq muddat uzluksiz aylanib yursa, mamlakat tegishli maqomni yo‘qotadi.
Kasallik avj olishining asosiy sababi ommaviy emlashdagi bo‘shliqlar bo‘lib, bu aholi, ayniqsa bolalar orasida immunitetning pasayishiga olib keladi. Eng ko‘p holatlar 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida qayd etilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qizamiq virusi Yevropa va Markaziy Osiyoda, xususan Ruminiya, Gruziya, Rossiya, Ukraina, Turkiya, Fransiya, Germaniya, Polsha, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda faol tarqalmoqda.
Qizamiqdan xoli maqomni tiklash uchun O‘zbekiston uch yil davomida virus aylanmasi bo‘lmasligini ta’minlashi va epidemiologik nazoratni kuchaytirishi lozim.
JSST qizamiqqa qarshi vaksinaning ikki dozasi bilan aholining kamida 95 foizini qamrab olishni tavsiya etadi.
O‘zbekiston ushbu maqomni 2017 yilda, 2014–2016 yillardagi ma’lumotlar asosida olgan edi. Biroq keyinchalik kasallanish ko‘rsatkichlari yomonlashdi: 2022 yilda O‘zbekistonda 8ta holat qayd etilgan bo‘lsa, 2023 yilda ularning soni 1026 taga yetdi.
Ularning aksariyati bir yoshgacha bo‘lgan, vaksina bilan emlanmagan bolalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Qizamiq — yuqori isitma, yo‘tal, tumov, tomoq og‘rig‘i va toshma bilan namoyon bo‘ladigan o‘tkir virusli kasallikdir. U pnevmoniya, bronxit va ensefalit kabi asoratlari bilan xavfli. Kasallikdan himoyalanishning yagona samarali yo‘li — emlashdir.